Sifat
Sifat (tilshunoslikda) — predmet belgisini bildiruvchi soʻzlar turkumi. Grammatikada belgi soʻzi keng tushunchali boʻlib, u belgini rang-tus, hajm, shaklkoʻrinish, xususiyat va sh.k.ga koʻra bildiradi: qizil, keng, yoqimli va boshqa Shu xususiyatlariga koʻra, sifatlar maʼnosiga qarab bir necha turga boʻlinadi: rang-tus bildiruvchi sifatlar — oq, sariq, qizil, nimrang kabi; mazataʼm bildiruvchi sifatlar — shirin, nordon, achchiq, bemaza kabi; xususiyat bildiruvchi sifatlar — mehribon, sodda, mugʻambir, yuvosh kabi; shaklkoʻrinish bildiruvchi sifatlar — gavdali, novcha, uzunchoq, yassi kabi; hajmoʻlchov bildiruvchi sifatlar — keng, tor, katta, ogʻir, yengil kabi va boshqa
Sifat turkumi oʻziga xos soʻz yasalishi va morfologik tizimiga ega. Oʻzbek tilida yasama sifatlar, asosan, sifat yasovchi affikslar yordamida xreil qilinadi: aqlli (akl+li), hosildor (hosil+dor), serqirra (serqirra) va sh.k. Sifatning morfologik belgisi — daraja kategoriyasiga egaligidir. Sifat bildiradigan belgi daraja nuqtai nazaridan 3 xil boʻlishi mumkin: meʼyoriy, meʼyordan ortiq (yuqori) va meʼyordan oz (kuchsiz, past). Shunga koʻra, sifatning 3 xil daraja kategoriyasi farqlanadi: oddiy daraja —maxsus koʻrsatkichi yoʻq va u belgining meʼyoriy (ortiq — kamlik, kuchli — kuchsiz va sh.k.ga befarq) holatini bildiradi: yaxshi, katta, shirin, xunuk kabi; orttirma daraja — bu darajaning ham maxsus morfologik koʻrsatkichi yoʻq. Belgining ortikligi maʼnosi oʻzbek tilida bir necha usul bilan ifodalanadi. Mas, fonetik usul: sapsariq, koʻmkoʻk, baland (unlini choʻziq talaffuz etish); leksik usul (maxsus soʻzlar yordamida): juda kuchli, nihoyatda goʻzal kabi; analitik usul: shirindan shirin, qoʻpoldan qoʻpol kabi; ozaytirma daraja shakli roq affiksi yordamida yasaladi: yaxshiroq, balandroq, shoʻrroq kabi. Sifatlar otlashuvi mumkin (qarang Otlashuv): Yaxshi topib gapirar, yomon qopib gapirar. Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar; yomonga yaqin yursang, balosi yuqar.