Tovush (tilshunoslik)
Tovush (tilshunoslikda) nutq, tovushi — kishining murakkab artikulyatsion faoliyat natijasi hisoblangan, muayyan akustik (eshitilish) va perseptiv (idrok etilish) xususiyatlari bilan ajralib turadigan eng kichik nutq birligi. Talaffuz usuliga muvofiq holda Tovushning akustikasi, artikulyatsiyasi va persepsiyasi haqida fikr yuritiladi. Har bir nutq tovushi artikulyatsion jihatdan talaffuz aʼzolarining murakkab harakati natijasida paydo boʻladi. Akustik jihatdan esa, har qanday boshqa tovush singari, havo muhiti orqali tarqaladigan tebranma harakat sifatida taʼriflanishi mumkin. Nutq tovushlarini hosil qiluvchi vosita (tebrantiruvchi kuch) oʻpkadan nafas yoʻli orqali chiqib, avval boʻgʻizga va undan ogʻiz boʻshligʻiga, baʼzan burun boʻshligʻiga oʻtadigan havo oqimidir. Ovoz (un), asosan, boʻgʻizda hosil boʻladi. Unda koʻndalang joylashgan elastik, yupqa tovush (un) paychalari mavjud boʻlib, soʻzlash paytida oʻpkadan chiqayotgan havoning kuchi bilan titraydi va ovoz hosil qiladi. Unlilar, sonorlar va jarangli undoshlardagi ovoz ana shuning natijasidir. Boʻgʻiz orqali oʻtgan havo oqimi til, tanglay, tish yoki ikki labning toʻsqinligiga duch kelib, shovqin paydo qiladi, natkjada jarangsiz undoshlar hosil boʻladi.
Tovushlar soʻz va grammatik koʻrsatkichlarni shakllantirish hamda ularni birbiridan farqlash, ajratish uchun xizmat qiladi. Bunday xususiyatli Tovushlar fonema deb yuritiladi, biroq barcha Tovush ham fonema boʻla olmaydi. Tovush (fonema)lar bir necha jihatdan tasnif qilinadi. Ovoz va shovqinning ishtirok etish darajasiga koʻra, ular avvalo 2 ga boʻlinadi: unli tovushlar va undosh tovushlar (qarang Fonema, Undosh tovushlar, Unli tovushlar).