Advokatura

Advokatura — advokatlarning uyushgan koʻngilli jamoat tashkiloti. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 116-modda 2-qismida sud va tergov ishini yuritish har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga (jismoniy va yuridik shaxslarga) yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat koʻrsatishi belgilangan. A. tashkil etish va ish tartibi qonun bilan belgilanadi. „Advokatura toʻgʻrisida“gi Qonunda (1996-yil 27-dekabr) taʼkidlanishicha, A — huquqiy muassasa hisoblanib, u advokatlik faoliyati hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, koʻngilli, kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga oladi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam koʻrsatadi, oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 3-bobida koʻrsatilgan Konstitutsiya va qonunning ustunligi toʻgʻrisidagi prinsip hamda mustaqillik va boshqa demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi. Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan shaxs oʻz advokatlik byurosini ochib yakka tartibda faoliyat koʻrsatishga yoxud ixtiyoriylik asosida boshqa advokatlar (sheriklar) bilan hay’atlar va firmalar tuzishga haqlidir. Advokatlar byuro, hay’at va firmalari, shuningdek, advokatlar birlashmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent sh. hokimliklari adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda roʻyxatga olinadi. Advokatlar byuro, hay’at va firmalarini tuzish, ular tuzilishi, shtatlari, vazifalari, mablagʻ sarflash tartibi, rahbar organlarining vakolatlari, ularni saylash tartibi hamda advokatlar byuro, hay’at va firmalarining faoliyatiga doir boshqa masalalar ularning ustavlari (nizomlari) bilan tartibga solib turiladi. A. notijorat tashkilotdir va faoliyatni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi. A. mablagʻlari, davlat bilan A. oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar „Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida (1998-yil 25-dekabr) belgilab berilgan. A.lar qonunda belgilangan tartibda advokatlarning jamoat birlashmalarini tuzishi mumkin ( Oʻzbekiston advokatlar uyushmasi).

Adabiyotlar

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil