Dunyo aholisi

Dunyo aholisi maʼlum bir vaqtda Yerda yashovchi barcha odamlar sonining umumiy yigʻindisidir. 2022-yil noyabr holatiga koʻra, dunyo aholisi taxminan 8 milliard kishidan oshiqdir[1].

1970-yillarga qadar dunyo aholisi giperbolik tarzda oʻsgandi; 1990-yildan boshlab esa, dunyo aholisining oʻsish surʼatining sekinlashuvi kuzatilmoqda[2], 1990-yilda oʻsish 87,4 millionni tashkil etgan boʻlsa, 2000-yillardagi oʻrtacha oʻsish 1963-yilga nisbatan qariyb ikki baravar kamaydi.

BMT maʼlumotlariga koʻra, 1994-2014-yillarda 60 yoshdan oshgan odamlar soni ikki baravar koʻpaydi va 2014-yilga kelib dunyoda qariyalar soni besh yoshgacha boʻlgan bolalar sonidan oshib ketdi[3]. CIA World Factbook ning 2020-yil boʻyicha maʼlumotlariga koʻra, Yaponiya dunyodagi barcha mamlakatlar orasida eng yuqori oʻrtacha yoshiga ega — 48,6. 2020-yil holatiga koʻra, Yaponiya aholisining 29,18 foizi 65 yoshdan oshgan[4].

2009-yilda insoniyat tarixida birinchi marotaba shahar aholisi soni qishloq aholisi soniga tenglashdi va 3,4 milliard kishini tashkil qildi[5]. Kelakakda ham, shahar aholisi dunyo aholisining ortib borayotgan qismini tashkil etishi kutilmoqda (yaʼni, shahar aholisi butun dunyo aholisidan tezroq oʻsishda davom etadi). 2020-yil holatiga koʻra, dunyo aholisining 56,2 % shaharlarda istiqomat qiladi[6]. BMT tadqiqotlariga koʻra 2050-yilda dunyo aholisining 68,6 foizi shaharlarda istiqomat qiladi[7].

Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilda dunyo aholisi 7,674 milliard kishini tashkil etdi[8].

2020-yil koʻrsatkichlari boʻyicha dunyo aholisining 59,5 foizi Osiyoda, 17,2 foizi Afrikada, 9,6 foizi Yevropada, 8,4 foizi Lotin Amerikasida, 4,7 foizi Shimoliy Amerikada, 0,5 foizi Okeaniyada istiqomat qiladi[7]. 2050-yilda, BMT dunyo aholisining 55,8 foizi Osiyoda, 26,3 foizi Afrikada, 8,0 foizi Lotin Amerikasida, 7,5 foizi Evropada, 4,5 foizi Shimoliy Amerikada, 0,6 foizi — Okeaniyada[9][10][11][12][13][14] yashaydi deb taxmin qilmoqda.

2014-yilda BMT va Vashington universiteti olimlari 2100-yilga kelib Yer aholisi 11 milliard kishiga yetadi degan xulosa kelishgandi[15]. Vashington universiteti olimlarining keyingi (2020) hisob-kitoblariga koʻra, 2100-yilga kelib dunyo aholisi 8,8 milliard kishini tashkil qiladi[16][17].

Aholi soni boʻyicha dunyodagi eng yirik davlat — Xitoy, ikkinchi oʻrinda Hindiston turadi. 1991-yilgacha Sovet Ittifoqi aholi soni boʻyicha uchinchi oʻrinda turar edi, u parchalanganidan keyin, 2006-yildan keyin 300 milliondan ortiq aholiga ega Amerika Qoʻshma Shtatlari uchinchi oʻrinni egalladi. Indoneziya va Pokiston aholi soni boʻyicha toʻrtinchi va beshinchi oʻrinlarda; Nigeriya, Braziliya, Bangladesh, Rossiya mos ravishda oltinchi, ettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi oʻrinlarni egallagan.[⇨]

Milliardlar

Ranglar boʻyicha aholi sonining 2019-yilga koʻra holati

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisi soni yillar kesimida quyidagi qiymatga ega:

  • 1 milliard — 1804;
  • 2 milliard — 1927;
  • 3 milliard — 1960;
  • 4 milliard — 1974;
  • 5 mlrd — 1987-yil 11-iyul;
  • 6 milliard — 1999-yil 12-oktyabr[18] ;
  • 7 milliard — 2011-yil 31-oktyabr[19] ;
  • 8 milliard — 2022-yil 15-noyabr (taxminan)[20][21].
  • Agar aholi sonining oʻsish dinamikasi keskin oʻzgarishlarga uchramasa, 9 milliard kishilik marrani taxminan 2042-yilga qadar bosib oʻtiladi[22][22][23].

Jamgʻarma baʼzi bolalarni shartli ravishda sayyoramizning 5, 6 yoki 7 milliard aholisi deb eʼlon qilib Shartli Tadbirlar tashkil qilib turadi.


Gollandiyaning matematika va informatika markazining statistik mutaxassisi Piter Grunvaldning taxminiy hisob-kitoblariga koʻra, insoniyatning 162 ming-yillik tarixida Yerda 107 milliarddan ortiq odam tugʻilgan[24].

Aholi soni boʻyicha dunyodagi eng yirik davlatlar

  1. Hindiston  — 1 423 761 000[25]
  2. Xitoy  — 1 412 600 000[26]
  3. AQSh — 333 341 174[27]
  4. Indoneziya  — 275 773 800[28]
  5. Pokiston  — 229 488 994[29]
  6. Nigeriya  — 216 746 934[29]
  7. Braziliya — 215 407 834[30]
  8. Bangladesh — 168 220 000[31]
  9. Rossiya  — 147 190 000[32]
  10. Meksika — 128 271 248[33]


Manbalar