Afgʻonistondagi 2017-yil yanvar portlashlari

2017-yil 10-yanvarida Afgʻonistondagi qayta faollashgan urush sharoitlarida hukumat va qabil muassasalarida bir qancha portlashlar kuzatildi. Tolibon BAA diplomatik missiyasiga uyushtirilgan hujumlarning biridan tashqari barcha hujumlar uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi. Umumiy hisobda kamida 64 nafardan 88 nafargacha tinch aholi halok boʻldi, kamida 94 kishi yaralanib, kamida 3 nafar hujumchi ham oʻldirildi[2][3].

2017-yil 10-yanvar Afgʻonistondagi portlashlar
Afgʻonistondagi urush (2001—2021)
Afgʻonistondagi 2017-yil yanvar portlashlari is located in Afghanistan
Kabul
Kabul
Kandahar
Kandahar
Lashkargah
Lashkargah
Afgʻonistondagi 2017-yil yanvar portlashlari (Afghanistan)
Joylashgan Kobul, Qandahor, Lashkargoh, Afgʻoniston
Sana 10-yanvar, 2017-yil(2017-01-10)
Halok boʻlganlar 65+ dan 98+gacha (+3)
Jarohat olganlar
94+
Jinoyatchilar Tolibon (birinchi va uchinchi portlashni oʻz zimmasiga oldi, ikkinchi portlash uchun javobgarlikni rad etdi)
Haqqoniy tarmogʻi (ikkinchi portlashda gumon qilingan)[1]


Portlashlar

Birinchi portlash

Dastlabki hujum Afgʻoniston poytaxti Kobulda joylashgan Milliy assambleya binosi oldida uyushtirilgan qoʻshaloq xudkushlik hujumi boʻldi. Hujum natijasida aksariyati parlament a’zolaridan iborat boʻlgan 46 kishi halok boʻldi. 70 nafardan ortiq kishi yaralandi. Hujum uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan Tolibon harakati 70 kishi halok boʻlganligini ta’kidlagan. Xudkushlar nishoni Milliy xavfsizlik boshqarmasi miniavtobusi edi. Ikki xudkushdan biri piyoda, biri avtomashinada harakatlangan edi[4].

Ikkinchi portlash

Ikkinchi hujum gubernator Humoyun Aziziyning Qandahordagi mehmon uyida BAA Juma al Kaabi va uning hamkasblari uchun kechki ovqat bazmi uyushtirilgan vaqtda sodir etildi. BAA elchisi va diplomatlar Qandahorda BAA hukumati homiyligi bilan quriladigan mehribonlik uyiga tamal toshi qoʻyish uchun tashrif buyurgan edi[5]. Uchrashuv vaqtida yashirilgan bomba portlatilishi oqibatida 11 kishi halok boʻldi va 18 kishi yaralandi. Halok boʻlganlar va yaralanganlar orasida koʻplab taniqli afgʻon siyosatchi va diplomatlari, shuningdek 5 nafar amirlik diplomatlari ham bor edi. BAAning Afgʻonistondagi elchisi Juma al Kaabi hujuma vaqtida olgan jarohatlari tufayli 15-fevral kuni vafot etdi[6][7]. Qurbonlar orasida Qandahor gubernatori oʻrinbosari Abdul Ali Shamsiy ham bor edi[8].

Portlashni uyushtirish Tolibondan gumon qilingan boʻlsa-da, lekin harakat mas’uliyatni oʻz zimmasiga olmagan. Harakat portlash “ichki mahalliy raqobat” natijasi ekanligini aytgan[9]. Portlashning asosiy qismini Sayid Mahbub ogʻa ismli uzoq yillik oshpaz uyushtirgan[10]. Ogʻa avvallari Tolibon a’zolari uchun oshpazlik qilgani va Tolibon bilan doimiy aloqalarda ekanligi ma’lum edi[10]. Ogʻa Tolibon a’zolarining taklifi bilan Qandahor gubernatori mehmonxonasida ishlash uchun Farah viloyatidan Qandahorga koʻchib oʻtgan. Keyinchalik unga mehmonxonaga bomba olib kirish evaziga 30 ming dollar va Pokistonda yashash taklif qilingan[10].

Uchinchi portlash

Uchinchi portlash Lashkargohda sodir boʻldi. Ushbu portlashda halok boʻlgan xudkush-terrorchini hisobga olmaganda kamida 7–16 nafar tinch aholi halok boʻlgan va 6–9 kishi yaralangan. Tolibon qabila oqsoqolini nishonga olgan hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi[3].

Afgʻoniston Milliy assambleyasi.

Qurbonlar

Portlashlar oqibatida koʻplab tinch aholi vakillari, diplomatlar va qoʻriqchilar halok boʻldi. Umumiy hisobda kamida 64dan 88 kishigacha halok boʻlgan va 94 kishi yaralangan. Halok boʻlganlardan nomdor va taniqli ba’zilari haqida quyida ma’lumot beriladi:

  • Besh nafar BAA diplomatlari halok boʻldi[10]. Halok boʻlgan diplomatlar Muhammad Ali Al Bastaki, Abdulloh Muhammad Al Kaabi, Ahmed Rashid al-Mazruyi, Ahmed Abdul Rahmon al-Tunayji va Abdul Hamid Sulton al-Hammadi kabilar edi[11].
  • BAA elchisi ogʻir jarohat oldi. Olgan jarohati oqibatida 2017-yil fevralida vafot etdi[10][12].
  • Gubernator Humoyun Aziziy jarohatlandi[10].
  • Gubernator oʻrinbosari Abdul Ali Shamsiy halok boʻldi[13].
  • MP Rahima Jami jarohatlandi[14].
  • Sobiq president Hamid Karzayning amakivachchasi Hoshim Karzay yaralangan, 2017-yil 16-yanvarda jarohati oqibatida vafot etgan[15].

Reaksiyalar

Hujumlar keng qamrovli reaksiyalarga sabab boʻldi. Koʻplab davlatlar, xalqaro tashkilotlar va dunyo yetakchilari, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMT Xavfsizlik kengashi, Fors koʻrfazi hamkorlik kengashi tomonidan hujumlar qoralandi[16].

Birlashgan Arab Amirliklarida 3 kun davomida bayroqlar yarmiga qadar tushirildi. Butun dunyo boʻylab ta’ziyalar bildirildi. BAA vazirliklari, davlat idoralari va muassasalari halok boʻlganlarga hurmat bajo keltirdi. Birlashgan Arab Amirliklari diplomatlariga qilingan hujum uning Afgʻonistondagi gumanitar ishtirokini davom ettirishiga toʻsiqnlik qilmasligini bildirdi[16].

Manbalar