Aleksandr Pushkin haykali (Toshkent)

Toshkent shahrida oʻrnatilgan Pushkin sharafiga haykal

Aleksandr Pushkin haykali — Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Pushkin xiyobonida joylashgan haykal. Haykaltarosh Mixail Anikushin tomonidan bronzadan yaratilgan. Shoir tavalludining 175-yilligi munosabati bilan 1974-yil 6-iyun kuni Toshkent shahrida haykalning ochilish marosimi boʻlib oʻtgan. Haykal dastlab Pushkin koʻchasidagi uncha katta boʻlmagan maydonda joylashgandi. 2015-yilda Toshkent shahridagi keng koʻlamdagi qurilish ishlari tufayli haykal restavratsiya qilinib, sobiq Teatr maydoniga koʻchiriladi va mazkur maydon shoirning nomi bilan ataluvchi xiyobonga aylantiriladi.

Aleksandr Pushkin haykali
Joylashuv Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Pushkin xiyoboni
Binokor Mixail Anikushin
Turi haykal
Material bronza
Balandligi 6,35 m
Ochilish sanasi 6-iyun 1974-yil
Xarita
Map
Aleksandr Pushkin haykali xaritada
Koordinatalari 41°17′11.2″N 69°15′13.9″E / 41.286444°N 69.253861°E / 41.286444; 69.253861 G O 69°15′13.9″E / 41.286444°N 69.253861°E / 41.286444; 69.253861 G O

Tavsifi

Haykaltarosh Aleksandr Pushkinni uzun syurtuk kiygan, qoʻllari beliga qoʻyilgan holda toʻliq boʻy-basti bilan, shoirning boshi esa xuddi ilhomlangandek yuqoriga koʻtarilgan holda tasvirlangan[1]. Haykal sirti granit bilan qoplangan tagkursiga oʻrnatilgan. Tagkursida rus tilida „Aleksandru Sergeyevichu Pushkinu“ (ruscha: Александру Сергеевичу Пушкину) yozuvi bitilgan.

Tarixi

Toshkentda Ulugʻ Vatan urushidan soʻng shaharning qadimiy koʻchalaridan biri boʻlgan, shoir nomi bilan atalgan koʻchada (Konstantin xiyobonidan Turkiston qoʻshinining yozgi oromgohiga olib boruvchi sobiq Lager prospekti, koʻchaga Aleksandr Pushkin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan 1899-yilda shoirning nomiga qoʻyilgan) haykalnin birinchi varianti oʻrnatilgan. Rus Toshkentining markaziy koʻchasi hisoblangan Pushkin koʻchasi oʻsha davrda obod va gavjum ham boʻlgan.

1974-yilda shoir tavalludning 175-yilligi munosabati bilan Pushkin koʻchasida haykalning Mixail Anikushin tomonidan yaratilgan shakli oʻrnatiladi[2][3]. Haykaltaroshning shaxsan oʻzi ham ochilish marosimda ishtirok etgan. Haykal atrofida maydoni 1,5 gektar boʻlgan xiyobon barpo etiladi[4]. Keyinchalik shoir nomi 1980-yilda ochilgan, haykal yonidagi Toshkent metropoliteni, Chilonzor yoʻlining bekatiga beriladi[5].

Koʻchirilishi

2015-yilda Toshkent shahridagi keng koʻlamdagi qurilish ishlari sababli shoir haykalini shaharning markaziy maydonlaridan biriga koʻchirishga qaror qilinadi[6][7][8]. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi elchixonasini haykalni koʻchirish haqidagi rejalaridan xabardor qiladi[9][10][11]. Xabarda Oʻzbekiston Rus madaniy markazi Toshkent hokimligiga haykalni tashrif buyurishga qulay boʻlgan joyga koʻchirish haqidagi iltimosi qayd etib oʻtiladi[9][12][13]. Bunga javoban Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziriligi haykalni koʻchirish boʻyicha ogohlantirilganligini maʼlum qiladi[6].

Haykal oʻrnatiladigan yangi joy etib, Bobur va Shota Rustaveli koʻchalari chorrahasi oldidagi „Oʻzbekyengilsanoat“ kompaniyasi binosi joylashgan maydon (sobiq Teatr maydoni) belgilandi[6][14][15][16][17]. Haykal demontaji 10-avgust kuni soat 16:00da boshlanib[7], soat 20:30da haykal tagkursidan tushirilib, yuk mashinasida olib ketilgan[18].

Restavratsiya ishlaridan soʻng, 14-avgust kuni haykal yangi joyga qoʻyiladi. Oʻzgarishlar, shuningdek, haykalning tagkursiga ham qoʻllanilb, tagkursi ancha balandroq qilinadi.

„Pushkin davri“ bogʻining yaratilishi

14-oktyabr kuni „Oʻzbekyengilsanoat“ kompaniyasi binosi joylashgan maydonga Pushkin xiyoboni nomi beriladi[19]. Toshkent hokimligi qaroriga asosan haykal atrofidagi hududda maydoni 4,5 gektar boʻlgan „Pushkin davri“ bogʻi tashkil etiladi[20]. Boqqa XIX asrdagi Pushkin davrini eslatuvchi favvoralar, oʻrindiqlar, tungi chiroqlar oʻrnatiladi[21].

Bundan tashqari, Toshkent shahri maʼmuriyati haykal oldin joylashgan hududdagi shoir nomidagi bekat nomi oʻzgartirmasligini ham maʼlum qiladi[22][23].

Manbalar