Almira Skripchenko

Almira Skripchenko (1976-yil 17-fevralda tugʻilgan) — fransiyalik shaxmatchi, u xalqaro shaxmat ustasi (IM) va ayol grossmeyster (WGM) unvonlariga ega. U 2001-yilda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi, yakka tartibdagi Yevropa chempionatida gʻolib chiqdi.

Almira Skripchenko

Faoliyati

Shaxmatdagi faoliyati

Skripchenko 6 yoshida shaxmat oʻynashni boshlagan[1]. 1991-yilda Moldova Sovet Ittifoqidan mustaqil boʻldi. Bu Skripchenkoning birinchi marta oʻsmirlar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etishini anglatardi. U 1992-yilda Germaniyaning Duysburg shahrida[2] 16 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida jahon chempioni boʻlgan va 1993-yilda 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgan[3].

U 1997-yilda fransuz grossmeysteri Joel Lautierga turmushga chiqdi va Fransiyaga koʻchib oʻtdi. U 2001-yilda Fransiya fuqaroligini oldi va 2002-yilda Lautier bilan ajrashganiga qaramay, Fransiya fuqaroligida qoldi. Keyinchalik, Skripchenko fransuz grossmeysteri Loran Fressinega turmushga chiqdi va 2007-yil yanvar oyida qiz farzand koʻrdi[4].

Skripchenko 2001-yilda 25 yoshida oʻzining eng katta muvaffaqiyatini nishonladi va shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi yakka tartibdagi Yevropa chempionatida gʻolib chiqdi[5]. Oʻsha paytda u „Moldovada 2001-yilda eng yaxshi sportchi“ deb tan olingan va oʻz vatanida „Milliy xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan.

2004-yilda u shaxmatchi qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan ikkinchi xalqaro superturnir „Shimoliy Ural kubogi“da gʻolib chiqdi. Skripchenko ayollar oʻrtasidagi sobiq jahon chempioni Mayya Chiburdanidzeni yakkalik bahsda magʻlub etdi. 2005-yilda u „Accentus Ladies“ turnirida gʻolib chiqdi. Skripchenko 2000-yil, 2001-yil va 2010-yillarda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida chorak finalgacha yetib borgan[6].

Skripchenko 2002-yildan beri turnirlarda Fransiyani himoya qilib kelmoqda. U 2004-yil, 2005-yil, 2006-yil, 2010-yil[7], 2012-yil[8] va 2015-yillarda ayollar oʻrtasida shaxmat boʻyicha Fransiya chempionatida gʻolib chiqqan. Jamoaviy oʻyinda u dastlab, „Chess Club“ bilan 2003—2004-yillarda, soʻngra, „Klishi Echecs“ bilan 2007—2008-yillar va 2012— 2013-yillarda Fransiya milliy shaxmat ligasida gʻolib chiqdi.

Pokerdagi faoliyati

Skripchenko yirik poker turnirlarida ishtirok etgan. 2009-yilda u Butunjahon poker seriyasi „No Limit Texas“ turnirida yettinchi oʻrinni egalladi va 78 664 dollar yutib oldi[9]. 2011-yilda u „World Poker Tour“ turnirida ikkinchi oʻrinni egalladi va 50 000 dollar yutib oldi[10][11]. Uning poker turniridagi yutuqlari 250 000 dollardan oshadi[12].

Manbalar