Zilzila bashorati

Zilzila bashorati deganda berilgan muddat ichida boʻlajak zilzila[1] va xususan, berilgan mintaqadagi kelasi kuchli zilzilaning sodir boʻlish vaqti, joyi va magnitudasini oldindan aytib berish tushuniladi.[2] Bunda zilzilani taxmin etish amaliyoti tushunilmasligi kerak, chunki taxminlash berilgan mintaqada kelajak bir necha yil ichida zilzila sodir boʻlishi ehtimolligini aniqlash boʻlib, aniq natija berishni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻymaydi.[3] Zilziladan ogohlantirish tizimi ham zilzila bashorati emas, chunki bunday tizim zotan sodir boʻlgan zilzilani qayd etib, u qoʻshni mintaqalarga yetib borgunicha ularni bir necha soniya oldindan ogohlantirish uchun ishlatiladi.

Foydali boʻlishi uchun zilzila bashorati tayyorgarlik koʻrish va faoliyat toʻxtatilishiga ketadigan sarf-xarajatlar bekor boʻlmasligini kafolatlaydigan darajada aniq boʻlishi lozim. Aks holda soxta bashoratlar nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi,[4] balki shunday bashoratga ishonchni kamaytirib, samarasiga jiddiy putur yetkazadi.[5]

1970-yillarda olimlar orasida zilzilalarni bashorat etish metodi alal-oqibat ishlab chiqilishi mumkin, degan nekbinlik kuchaygan edi, biroq 1990-yillarga kelib davom etayotgan muvaffaqiyatsizlik koʻp olimlarni zilzilani bashorat qilishning umuman iloji bormi, degan savolga olib keldi.[6] Bugunda ayrim olimlar yetarli resurslar bilan zilzilalarni bashorat qilish mumkin, deyishsa, boshqa olimlar bunday bashoratlarni amalga oshirishning hech qanday iloji yoʻq, degan fikrda.[7]

Harakatlar

Zilzilalarni bashorat qilishning samarali metodi haligacha mavjud emas, biroq bunday metodlar ishlab chiqish tomon harakatlar qilinmoqda. Bu urinishlar quyidagilarga asoslangan:

Hayvonlar atvori

Zilziladan oldin hayvonlarning oʻzini tutishida oʻzgarishlar kuzatiladi, degan iddaolar qilingan. Biroq bu iddao oʻzini toʻliq oqlamagan. Masalan, 1992-yili Kaliforniyadagi 7,3 magnitudali Landers zilzilasi epitsentridan 100 km uzoqda chumolilar ustidan oʻtkazilayotgan tajriba paytida chumolilarning zilzilani na oldindan, na keyin sezgani kuzatildi.[8] Kemiruvchilar bilan oʻtkazilgan boshqa tajriba esa gʻayrioddiy hatti-harakatni qayd etdi, biroq kemiruvchilarning bunday atvori zilzila emas, balki boshqa faktorlar tufayli boʻlgani aniqlandi.[9]

Biroq 2011-yilgi 5,8 magnitudali Virginia zilzilasidan 5-10 soniya oldin Vashington hayvonot bogʻidagi baʼzi hayvonlar bezovtalangani kuzatilgan; lekin bu zilzilani oldindan sezish belgisi boʻlmay, odamlar sezmagan kuchsiz birlamchi p-toʻlqinini sezgani tufaylidir, bu birlamchi toʻlqin ketidan bir necha soniya oʻtib kuchli ikkilamchi s-toʻlqin yetib keldi.[10]

Vp/Vs farqi

Seysmologiyadagi yana bir metod Vp (p-toʻlqin tezligi) va Vs (s-toʻlqin tezligi) nisbati oʻzgarishini qayd etishga asoslanadi. Bu nisbat tosh qobiq siqilayotgan paytda oʻzgaradi, deb taxmin etilgandi. Bu metodga tayanib faqat bitta zilzila (1973-yilgi 2,6 magnitudali New York zilzilasi) muvaffaqiyatli bashorat qilingan.[11] Bu metod bilan boshqa zilzilalarni oldindan aytishga urinishlar samarasiz chiqdi.[12]

Radon emissiyasi

Toshlarning aksariyati kichik miqdorda normal atmosfera gazlaridan izotopik farqlanuvchi gazlarni oʻzida saqlaydi. Katta zilzila oldidan toshlar yorilib, gazlar emissiyasi kuzatilgan. Bu gazlardan biri radon boʻlib, u toshlardagi asorat uran radioaktiv parchalanishi natijasida kelib chiqadi.[13]

Radon emissiyasini kuzatish nisbatan qulay, chunki u radioaktivligi va yetarli davom etuvchi yarim yemirilish davri (3,8 sutka) bilan xarakterlanadi. Biroq radon emissiyasi metodining jiddiy kamchiligi shundaki, u na aniq joy (xatoligi ming kilometrgacha), na aniq vaqt (xatoligi bir necha oygacha) va na aniq magnitudani koʻrsatadi.[14]

Manbalar

Havolalar