Ahmad Fayz

Fayz, Ahmad Fayz (1911.13.2, Siyolkat — 1984.27.11) — Pokiston shoiri, tanqidchi va jamoat arbobi. Siyolkat (1917—29) va Loxur (192934) kollejlarida tahsil olgan. 1972-yildan Pokiston sanʼati milliy kengashining raisi. „Pakistan tayme“ („Pakistan“, 1947—51; 1955—58), „Imroz“ („Imros“, 1948—51; 1955—58) gaz.larida bosh muharrir. 1950-yilda Jahon tinchlik kengashining aʼzoligiga saylangan va shu yili „Ravalpindi fitnasi“ ishtirokchisi sifatida ayblanib, qamoqqa olingan. 1955-yilda ozod qilingan. Urdu va panjob tillarida ijod qilgan. F. lirikasida insoniy histuygʻular, chuqur falsafiy mushohadalar hamda siyosiy masalalar muhim oʻrin tutadi. U sheʼriyatning gʻazal, qasida, marsiya va boshqa janrlarida ijod qilgan. F. „Gʻamginlar“ (1941), „Shamol qoʻli“ (1952), „Zindonnoma“ (1957), „Tosh ostida qolgan qoʻl“ (1963), „Sinay vodiysi“ (1971) sheʼriy toʻplamlari, qamoqdan yozilgan xatlardan iborat „Panjarali tuynuk“ (1971) kitobi va boshqa asarlar muallifi. Dexlida oʻtgan Osiyo yozuvchilari 1konferensiyasi (1956), Osiyo va Afrika yozuvchilarining Toshkent (1958) hamda Olmaota (1973) konferensiyalari qatnashchisi. Ayrim asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. „Nilufar“ mukofoti laureati (1975).