Ayri ekran (kompyuter)

Ayri ekran — bir vaqtning oʻzida bir-nechta (koʻpincha 2 va 4) ekranni koʻrish imkonini beruvchi kompyuter grafikasidagi tasvir koʻrsatish funksiyasi[1]. Unda axborot tasvir yonma-yon holda toʻrtburchak maydonlarga boʻlinadi. Kompyuter monitorida tegishli matn va grafikani baravar koʻrsatish uchun ayri ekran funksiyasi amalga oshiriladi. Televizion sport koʻrsatuvlari 1960-yillarda ushbu funksiyadan biror bir vaziyatni darhol qaytarib koʻrsatish uchun foydalangan[2].

4:3 ekranda bir nechta signallarni koʻrsatishning turli usullari (diagramma 16:9): 1+3, 3+1 (1:1), 2×2, 3×3, 4×4 (4:3), 1+1 (2:3 vertikal, 8:3 gorizontal), 4×3 (1:1), 12 da 1 (4:3).

Ayri ekranlarning qoʻzgʻalmaydigan va oynali tizimlari mavjud. Oynali ayri ekranning farqi shundaki, foydalanuvchi oʻziga kerakli axborot joylashgan oynani (ekranning boʻlingan qismni) bir yerdan boshqa yerga erkin harakatlantirishi mumkin. Qoʻzgʻalmaydigani esa bitta qatʼiy yerga mahkamlanadi va uni hech qayerga surib yoki koʻchirib boʻlmaydi.

Ayri ekran funksiyasini ikki xil ilovani ishga tushirib, bittasida boshqa foydalanuvchi, ikkinchisida yana boshqa foydalanuvchi ishlatgan holda foydalanishi mumkin.

Videooʻyinlarda

Ayri ekran funksiyasi koʻpincha tarmoqqa ulanmagan yaʼni oflayn, biroq koʻp oʻyinchili rejimga ega boʻlgan videooʻyinlarda qoʻllanadi.

Koʻp oʻyinchili rejimga ega boʻlgan oflayn oʻyinlarda ekran oʻyinchilarning soniga qarab teng oʻlchamli 2 tadan 4 tagacha boʻlakka boʻlinadi. Bu bilan oʻyinchilar oʻyinda bir vaqtning oʻzida bir-biridan ajralgan holda oʻyinning har xil yerlarini oʻrganishi mumkin. Bu holat 2000-yillargacha Internetga yoki boshqa tarmoqqa kirish imkoni boʻlmagan konsollar orasida juda mashhur edi[3][4].

Tarix

Ayri ekranli oʻyinlar tarixi kamida 1970-yillarga borib taqaladi, Kee Games kompaniyasining „Drag Race“ (1977) kabi oʻyinlari shunaqa formatda taqdim etilgan. Oʻsha kezlarda ayri ekran funksiyasi ikki yoki undan ortiq oʻyinchi uchun moʻljallangan uy konsolari va kompyuter oʻyinlari uchun odatiy xususiyat edi. Ayri ekran funksiyasiga ega baʼzi ommabop oʻyinlarga 8 bitli „Kikstart II“, 16 bitli bir qator poyga oʻyinlari (masalan, „Lotus Esprit Turbo Challenge“ va „Road Rash II“) va ekshen/strategiya janridagi oʻyinlar (masalan, „Toejam & Earl“ va Lemmings) kiradi. Shularning bari ikki oʻyinchi oʻynashi uchun ekranni vertikal yoki gorizontaliga boʻladi.

Uchta oʻyinchiga moʻljallangan ayri ekranli oʻyinga yorqin misol oʻlaroq „Xenophobe“ oʻyinini keltirish mumkin, biroq uy platformalarida u bir yoki ikki ekrangacha qisqartirilgan. Uy konsollarining kontrollerlari uchun toʻrtta portning qoʻshilishi esa toʻrttalik ayri ekranli oʻyinlarning paydo boʻlishiga olib keldi. Bularga Nintendo 64ʼdagi „Mario Kart 64“ va „Goldeneye 007“lar misol boʻla oladi. Oldinlari uy platformalaridagi koʻp oʻyinchili rejimga ega oʻyinlarni ayri ekran funksiyasi orqali oʻynash mashhur boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib bu rejim birinchi va uchinchi shaxs otishma oʻyinlarida internet orqali, tarmoqda oʻynash odatiy holatga aylanib qolgan.

Shuningdek qarang

Manbalar