Oʻrgimchak-odam: Uyga yoʻl yoʻq

Marvel Studios va Sony Pictures tomonidan ishlab chiqarilgan 2021-yilgi superqahramon filmi

Oʻrgimchak-odam: Uyga yoʻl yoʻq[6][7][8] (inglizcha: Spider-Man: No Way Home) 2021-yilda katta ekranlarga chiqarilgan superqahramonlar haqidagi AQSh filmi boʻlib, Columbia Pictures va Marvel Studios studiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan va Sony Pictures Releasing tomonidan tarqatilgan. Film Marvel Comics nashriyotidan tushirilgan Oʻrgimchak-odam qahramoniga asoslangan. Kartina prikvellari Oʻrgimchak-odam: Uyga qaytish (2017) va Oʻrgimchak-odam: Uydan uzoqda (2019) hisoblanib, bu film Marvel kinematografiya koinoti (MKK) ning 23chi toʻliq hajmli filmidir. Film rejissori Jon Watts, Chris McKenna va Erik Sommers esa produserlik qilishdi. Filmda bosh rollarni ijro etganlar sirasiga Tom Holland (Peter Parker / Oʻrgimchak-odam sifatida), Zendaya, Benedict Cumberbatch, Jacob Batalon, Jon Favreau, Jamie Foxx, Willem Dafoe, Alfred Molina, Benedict Wong, Tony Revolori, Marisa Tomei, Andrew Garfield va Tobey Maguire kirishadi. Film voqealariga koʻra, Parkerning kimligi Uydan uzoqda filmida ommaga oshkor qilingach, uning hayoti butunlay ostin-ustun boʻlib ketadi va Dr. Stephen Strangedan (Cumberbatch) yordam soʻraydi, biroq uning jodusi notoʻgʻri ishlab vaqt va makon uzluksizligini buzib yuboradi.

Oʻrgimchak-odam: Uyga yoʻl yoʻq
Spider-Man: No Way Home

Film posteri
Rejissyor(lar) Jon Watts
Prodyuser(lar)
Ssenariynavis(lar)
  • Chris McKenna
  • Erik Sommers
Qaysi asarga
asoslangan
Rollarda
Bastakor(lar) Michael Giacchino
Kinematografiya Seamus McGarvey
Studiya(lar)
Distribyutor Sony Pictures Releasing
Chiqarilgan sanasi
  • 17-dekabr, 2021-yil(2021-12-17) (AQSh)
Davomiyligi 148 daqiqa[1]
Mamlakat AQSH bayrogʻi AQSh
Til inglizcha
Byudjeti $200 million[2]
Daromadi $1.893 milliard[3][4][5]

MKK filmlari sirasiga kiruvchi Oʻrgimchak-odam haqidagi filmlarning uchinchisini suratga olish gʻoyasi ilk bor 2017-yilda, Uyga qaytish filmini tasvirga olish mobaynida tugʻilgan. 2019-yilning avgustiga kelib, Sony va Marvel Studios studiyalari uchinchi filmni birgalikda suratga olishni muhokama qilishdi va soʻngida Marvel Studios loyihani tark etishiga kelishildi. Biroq, bir oydan soʻng, ushbu ikki studiya muxlislarning salbiy reaksiyasi tufayli yangi kelishuvga erishdi, bunda Marvel Studios loyihada qoladigan boʻldi. Oʻsha paytda, Watts, McKenna, Sommers va Holland filmga qaytishga tayyor edilar. Shunday qilib, filmni suratga olish ishlari 2020-yilning oktabridan boshlandi va 2021-yilning martida yakunlandi. Filmni tasvirga olish jarayonlari asosan New York shahrida boʻldi. Uyga yoʻl yoʻq filmi voqealari oʻtgan Oʻrgimchak-odam haqidagi filmlardagi voqealarni bir-biriga bogʻlab, avvalgi Oʻrgimchak-odam haqidagi filmlarda bosh qahramonni jonlantirgan aktyorlar — Maguire va Garfield ushbu filmda qatnashishadi. Maguire va Garfieldning filmda suratga tushishi koʻplab mish-mishlarga sabab boʻlib, Sony, Marvel va aktyorlar jamoasi bu xush qarshilanishiga qaramay, buni sir tutishga urinishdi.

Oʻrgimchak-odam: Uyga yoʻl yoʻq filmi xalqaro premyerasi Los-Anjelesdagi Fox Village kinoteatrida boʻldi. AQShda 17-dekabr 2021-yildan boshlab kinoteatrlarda namoyish qilindi. Film tanqidchilar va omma tarafidan xush qarshilandi. Film budjeti $200 millionni tashkil etib, umumjahon boʻylab $1.89 milliard daromad koʻrdi va buning ortidan 2021-yilning eng kassabop filmi boʻldi. Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri kassa yigʻimi $1 milliarddan oshgan ilk film ham boʻldi. Filmning raqamli versiyasi dastlab 2022-yilning 27-fevralida chiqishi rejalashtirilgandi, ammo film pul toʻplashda davom etayotgani uchun bu sana 2022-yil 22-martga koʻchirildi.

Mazmuni

Quentin Beck (Kuentin Bek) Peter Parkerni qotillikda ayblab,[N 1] uning kimligini ommaga oshkor qilganidan soʻng, Parker, xolasi May (Mey), sevgan qizi MJ (Emjey) hamda yaqin doʻsti Ned Leeds (Ned Lids) tergov qilinadi, biroq advokat Matt Murdock yordami bilan ulardan barcha ayblovlar olib tashlanadi. Yuqori sinf bitiruvchilari boʻlmish Parker, MJ va Leeds MITga hujjat topshirishadi, ammo Oʻrgimchak-odam shaxsi ommaga ochiqlanganidan hamda MJ va Leedsning u bilan aloqasi ortidan ularning arizalari universitet tomonidan rad etiladi. Parker Stephen Strangedan (Stiven Strenj) yordam soʻrash uchun Sanctum Sanctorumga tashrif buyuradi va u yerda Strange ommaning Parkerning Oʻrgimchak-odam ekanligini unutib qoʻyishiga xizmat qiluvchi joduni oʻqishni taklif qiladi, Wong bunning oqibatlari ijobiy boʻlmasligi haqida ogohlantiradi. Biroq, Strange joduni oʻqishga qaror qiladi. Strange joduni oʻqir ekan, Parker undan tinimsiz oʻzgartirishlar kiritishni soʻrayveradi va buning natijasida jodu notoʻgʻri ishlaydi. Soʻngra, Strange Parkerni qoʻrgʻonidan chiqarib yuboradi.

Parker MIT administratoridan Leeds va MJning arizalarini qabul qilishga koʻndirish uchun Alexander Hamilton koʻprigiga boradi, ammo koʻprik toʻsatdan Otto Octavius tarafidan hujumga uchraydi. Parker oʻzining temir oʻrgimchak kostyumini kiyib, MIT administratorini qutqarish maqsadida koʻprikda Octavius bilan jang qiladi. Octavius Parkerning kostyumidan nanotexnologiyasini olganda, bu texnologiya uning mexanik qisqichlari bilan bogʻlanib, Parkerga ularni boshqarishga imkon beradi. Keyin ular Norman Osbornning ular tomon kelayotganini payqashadi, lekin Osbornning hujumidan avval Strange Octaviusni qoʻlga tushirib, Curt Connors bilan birga Sanctumdagi kamerasiga joylashtiradi. Strangening Parker va kamerada saqlanayotganlarga bu haqda tushuntirar ekan, jodu oqibatida vaqt va makon uzluksizligini buzilib, jodu multiolamning har bir qismidan Parker Oʻrgimchak-odam ekanligidan xabardor hamma kimsalarni chaqirgan. Strange Parkerga MJ va Leeds yordami bilan qolgan odamlarni topib, qoʻlga olishni topshiradi.

Parker Max Dillon va Flint Markoni qoʻlga olar ekan, Osborn oʻzini Green Goblin taʼsiridan halos etib, oʻzini nazorat qila boshlaganidan soʻng, F.E.A.S.T. binosiga boradi va u yerda Peter uni qoʻlga oladi. Qoʻlga olingan superyovuzlar Oʻrgimchak-odam bilan oʻzlarining janglari haqida muhokama qilishar ekan, Osborn, Octavius va Dillon oʻlimlari oldidan oʻz olamlaridan bu olamga kelishganini tushunishadi. Strange quti ichida superyovuzlarni oʻz olmalariga qaytarib yuboruvchi joduni tayyorlaydi, ammo Parker ular dastlab oʻzlarining kuchlari yovuzlikka emas, balki yaxshilikka yoʻnaltirish zarur, deb taʼkidlab, bu ularning oʻzlarining olamlariga qaytishganlarida oʻlimini oldini oladi deb umid qiladi. Parker qutidagi joduni va Strangening boʻyniga osib yuradigan uzugini oʻgʻirlab, Strangeni oyna oʻlchamli olamda tuzoqda qoldiradi. Keyin, Parker superyovuzlarni Happy Hoganning uyiga olib boradi. U Stark Industries mahsuloti boʻlgan texnologiya yordamida Octaviusni muvaffaqiyatli tarzda yovuzlikdan halos etadi, biroq Osbornning onggi ustidan Goblin nazoratni qoʻlga ekan, Osborn yovuzlikdan hali halos boʻlmagan superyovuzlarni oʻzi tomon yetaklaydi. Dillon, Marko va Connors qochib ketayotib, Osborn oʻz aeroplani bilan Mayni oʻldiradi; oʻlimidan avval, May Parkerga „katta kuch bilan birga katta mas’uliyat ham kelishi kerak“, deb oʻgit beradi.

Ned va MJ Parkerni qayerdaligini topish uchun Strangega tegishli boʻyinga osib yuriladigan uzukni ishlatishga urinishadi, shu paytda Ned uzuk orqali portallar yaratishi mumkinligini kashf etadi. Ular Strangening jodusi ortidan parallel olamlardan chaqirlgan Parkerning alternativ versiyalari — „Peter-Ikki“ va „Peter-Uch“ni topishadi. Soʻngra, Ned va MJ Parkerni topishadi va unga hamdard boʻlishadi. Bu paytda esa, boshqa Parkerlar unga sevgan kishilarini yoʻqotganliklari haqidagi hikoyalari toʻgʻrisida soʻzlab berishadi; ular Parkerni May uchun toʻxtamaslikka, aksincha jang qilishga undashadi. Shundan soʻng, uchovlon (Parkerlar) yovuzlarni davolash yoʻllarini ishlab chiqadi va Dillon, Marko va Connorsni Ozodlik haykaliga jalb etishadi. U yerda, Peter-Ikki va Parker Marko va Conorsni dsvolaydi. Bu orada, Octavius ham yordamga kelib, Dillonni davolaydi.

Uch Parker deyarli barcha yovuzlarni davolashadi (Osborndan boʻlak), biroq Osborn ham yetib keladi va qutiga solingan joduni yoʻq qilib, olamlarni ajratuvchi toʻsiqni yirtib yuboradi, bundan avvalroq Ned Strangeni oyna oʻlchamli olamdan chiqarib oladi. Strange toʻsiqni saqlab qolishga urinar ekan, koʻzi qonga toʻlgan Parker Osborn bilan jang qilib, uni oʻldirishga urinadi, ammo uni Peter-Uch toʻxtatib qoladi. Peter-Uch va Parker Osbornga davolash maqsadida ukol yuborib, es-hushini tiklaydi. Parker multiolamlarni muhofazalashni yagona yoʻli barchaning xotirasidan u haqdagi maʼlumotni oʻchirish ekanligini anglaydi va Strangedan shunday qilishni soʻraydi. Strange joduni oʻqishdan avval, Parker Ned va MJ bilan vidolashib, ularni yana topishga vaʼda beradi. Jodu barchani oʻz olamiga qaytaradi va Parker haqidagi maʼlumotlarni barchaning xotirasidan tozalaydi. Ikki haftadan soʻng, Parker MJ va Ned bilan qayta tanishish uchun ularning yoniga boradi, ammo keyin fikridan qaytadi. May qabrida motam tutgan Parker Hogan bilan suhbatdan soʻng, ilhomlanib, yangi kostyum tikadi va yana superqahramonlikni davom ettiradi.

Rollarda

QahramonAktyorTafsilotlar
Peter Parker / Oʻrgimchak-odamTom HollandRadiofaol mutatsiyaga uchragan oʻrgimchak chaqib olishi ortidan super-kuchga ega boʻlgan oʻsmir va qasoskordir.[9] Film Oʻrgimchak-odam: Uydan uzoqda (2019) filmi yakunida, Peterning kimligi ommaga oshkor qilinganidan keyingi voqealar haqida hikoya qilar ekan,[10] Peter bu filmda avvalgi Marvel kinematografiya koinoti (MKK) filmlariga qaraganda koʻproq pessimistdir. Hollandning soʻzlashicha, gavdalantirgan qahramoni boʻlmish Parker, magʻlubiyat va ishonchsizlikni oʻzida his qiladi, bu esa personajning qorongʻu tomonlarini ochib beradi.[11] Holland shuni ham qoʻshimcha qildiki, Cherry (2021) filmidagi katta boʻlgan oʻsmir rolidan Uyga yoʻl yoʻqga, yaʼni sodda oʻsmir roliga qaytish gʻalati boʻlib tuyulgan.[12]
Michelle „MJ“ JonesZendayaParkerning sinfdoshi va sevgan qizidir.[13][14] Toʻliq ismi — Michelle Jones.[14]
Ned LeedsJacob BatalonParkerning eng yaqin doʻsti[14][15] Batalon filmdagi roli uchun 46 kgga ozgan.[16]
Doktor StrangeBenedict CumberbatchFaoliyatini yakunlagan avtohalokat ortidan mistik sanʼatlar ustasiga aylangan neyroxirurgdir.[17] Hollandning aytishicha, Parker Strangeni Robert Downey Jr. tomonidan jonlantirilgan Tony Stark (Oʻrgimchak-odam: Uyga qaytish (2017) filmidan) kabi yoʻl koʻrsatuvchisi emasligini his etadi, uni „hamkasbi“ oʻlaroq koʻradi. Holland shuni ham qoʻshimcha qildiki, film voqealari rivoji davomida, Parker va Strange oʻrtasidagi munosabat buziladi.[18] Cumberbatch esa bu ikki qahramon oʻrtasida yaqinlikni his etganligini aytdi.[19]
WongBenedict WongStrangening yoʻl koʻrsatuvchisi va doʻstidir.[20][21]
Harold „Happy“ Joseph HoganJon Favreau„Stark Industries“da xavfsizlik boʻyicha boshliq hamda Tony Starkning sobiq haydovchisi va qoʻriqchisidir.[21]
Dr. Otto Octavius / Dr. OctopusAlfred MolinaBaxtsiz hodisa ortidan tanasi bilan sunʼiy ongli toʻrt mexanik qisqichlar birlashib ketgan olimdir. Molina bu rolni Raimi rejissorlik qilgan Oʻrgimchak-odam 2 (2004) filmida jonlantirgan edi.[22][23] Ushbu filmda uning mexanik qisqichlari toʻliq kompyuter grafikasi orqali yaratildi. Solishtirish uchun, ushbu mexanik qisqichlar Oʻrgimchak-odam 2 filmida qoʻgʻirchoq (film uchun atayin yasalgan) va kompyuter grafikasi qoʻshilmasi bilan yaratilgan.[24]
Max Dillon / ElectroJamie FoxxBaxtsiz hodisa ortidan kuchli elektr qudratiga ega boʻlgan „Oscorp“ shirkatidagi elektr boʻyicha muhandisdir. Foxx bu rolni Marc Webb rejissorligidagi Yangi Oʻrgimchak-odam 2 (2014) filmida jonlantirgan edi.[15][25][26]
Norman Osborn / Yashil goblinWillem Dafoe„Oscorp“ shirkatida olim va bosh direktordir. U kuchni oshiruvchi qurilmani oʻz tanasida sinovdan oʻtkazishi ortidan oʻzida aqldan ozgan kimsani shakllantirdi („Oscorp“ga tegishli ilgʻor sovut va moslamalardan foydalangan holda). Dafoe bu rolni Raimi rejissorlik qilgan Oʻrgimchak-odam trilogiyasida jonlantirgan edi.[27][28]
May ParkerMarisa TomeiParkerning xolasi[29]
Peter Parker / Oʻrgimchak-odamAndrew GarfieldParkerning alternativ versiyasidir. Doimo sevgan qizi Gwen Stacyni oʻlimida oʻzini aybdor his etadi.[30] Garfield bundan avval Webb rejissorligidagi Yangi Oʻrgimchak-odam filmlarida Parkerni gavdalantirgan.[31][32] Filmda boshqa Oʻrgimchak-odam unga „Peter-Uch“ deb murojaat qiladi.[33][34]
Peter Parker / Oʻrgimchak-odamTobey MaguireParkerning alternativ versiyasidir. U qolgan versiyalaridan farqli oʻlaroq tabiiy toʻr ota oladi.[35] Maguire bundan avval Raimi rejissorligidagi Oʻrgimchak-odam filmlarida Parkerni gavdalantirgan.[31][32] Filmda boshqa Oʻrgimchak-odam unga „Peter-Ikki“ deb murojaat qiladi.[33][34]
J. Jonah JamesonJ.K. SimmonsTheDailyBugle.net muxbiri
Flash ThompsonTony RevoloriParkerning sinfdoshi va sobiq dushmani.[36]
Betty BrantAngourie RiceParkerning sinfdoshi va Leedsning sobiq sevgan qizi
Janob DellJ.B. SmooveParkerning oʻqituvchisi
Coach WilsonHannibal BuressParkerning oʻnkurash boʻyicha oʻqituvchisi

Musiqasi

Spider-Man: No Way Home (Original Motion Picture Soundtrack)
Michael Giacchino saundtreki
Chiqarilgan sanasi 17-dekabr, 2021-yil(2021-12-17)
Janr Film musiqasi
Davomiyligi 73:54
Mamlakat AQSh
Til inglizcha
Leybl Sony Classical
Michael Giacchino xronologiyasi
Hawkeye
(2021)
Spider-Man: No Way Home (Original Motion Picture Soundtrack)
(2021)

2020-yilning noyabrida Uyga qaytish va Uydan uzoqda filmlari bastakori Michael Giacchino bu filmga ham qaytishi tasdiqlandi. Film saundtreki 9-dekabrda yoyinlangan „Arachnoverture“ nomli singl hamda 10-dekabrda yoyinlangan „Exit Through the Lobby“ nomli ashula bilan birgalikda 2021-yilning 17-dekabrida raqamli formatda chiqarildi.

Spider-Man: No Way Home (Original Motion Picture Soundtrack)[37]
NomiDavomiyligi
1.„Intro to Fake News“1:11
2.„World’s Worst Friendly Neighbor“0:52
3.„Damage Control“2:17
4.„Being a Spider Bites“1:05
5.„Gone in a Flash“1:52
6.„All Spell Breaks Loose“3:25
7.„Otto Trouble“4:19
8.„Ghost Fighter in the Sky / Beach Blanket Bro Down“2:47
9.„Strange Bedfellows“1:45
10.„Sling vs Bling“5:00
11.„Octo Gone“3:34
12.„No Good Deed“5:00
13.„Exit Through the Lobby“4:15
14.„A Doom With a View“2:00
15.„Spider Baiting“1:35
16.„Liberty Parlance“1:28
17.„Monster Smash“1:21
18.„Arc Reactor“2:57
19.„Shield of Pain“4:51
20.„Goblin His Inner Demons“3:54
21.„Forget Me Knots“6:49
22.„Peter Parker Picked a Perilously Precarious Profession“1:31
23.„Arachnoverture“10:06

Relizi

Manba: IMDb.com[38]

MamlakatPremyera sanasi
Fransiya15-dekabr 2021-yil
Oʻzbekiston[39]15-dekabr 2021-yil
Germaniya16-dekabr 2021-yil
AQSh17-dekabr 2021-yil
Hong Kong23-dekabr 2021-yil

Oʻrgimchak-odam: Uyga yoʻl yoʻq filmi umumjahon premyerasi Los-Anjelesdagi Fox Village kinoteatrida 2021-yil 13-dekabrda boʻldi.[1] Film Birlashgan Qirollik va Irlandiyada 2021-yil 15-dekabrda,[40] AQShda esa 17-dekabrda RealD 3D va 4DX formatlarida namoyish etildi. Filmni dastlab 2021-yil 16-iyulda chiqarilishi rejalashtirilgan edi,[9] keyinchalik shu yilning 5-noyabriga qoldirildi[41] va yana COVID-19 pandemiyasi tufayli reliz sanasi dekabrga koʻchirildi[42] Film MKKning toʻrtinchi fazasi tarkibiga kiruvchi filmdir.[43] 2021-yilning noyabrida, film Xitoy kinoteatrlariga ham namoyish etilishi xabar qilindi va bu Qora beva, Shang-Chi and the Legend of the Ten Rings va Eternals filmlarini oʻz ichiga olgan toʻrtinchi fazadagi ushbu mamlakat kinoprokatlariga chiqqan ilk film boʻlishi kutilayotgan edi.[44] Biroq, 2021-yil dekabr holatiga koʻra, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi diplomatik taranglik ortidan film chiqarilmadi.[45]

Tanqid

Rotten Tomatoes kinotanqid saytida Spider-Man: No Way Home haqida 410 maqola yigʻilib, ulardan 93 foizi filmni ijobiy baholaydi.[46] IMDb kinoreyting saytida 8,7/10 ballni qoʻlga kiritdi.

Izohlar

Manbalar

Havolalar