Sanna Marin

Sanna Mirella Marin (1985-yil 16-noyabrda tugʻilgan) — finlandiyalik siyosatchi, 2019-yildan 2023-yilning 20-iyuniga qadar Finlandiya Bosh vaziri sifatida faoliyat yuritdi. Finlandiya Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) aʼzosi, 2015-yildan beri parlament aʼzosi. Antti Rinne pochta ish tashlashlari tufayli isteʼfoga chiqqanidan keyin, Marin 2019-yil 8-dekabrda bosh vazir etib saylangan. 34 yoshida lavozimga kirishgan. U Finlandiya tarixidagi bu lavozimni egallagan eng yosh shaxsdir[1]. Shu bilan birga, chernogoriyalik Dritan Abazovich va chililik Gabriel Borikdan keyin dunyo siyosatida uchinchi eng yosh davlat rahbaridir.

Sanna Mirella Marin

Erta hayoti va taʼlimi

Sanna Mirella Marin 1985-yil 16- noyabrda Xelsinkida tugʻilgan[2][3]. U Tampereʼye koʻchishdan oldin Espoo va Pirkkala shaharlarida ham yashagan[4]. Uning ota-onasi u juda yoshligida ajrashgan. Oila parokandalik tufayli juda katta moliyaviy muammolarga duch kelgan. Shu kabi muammolar tufayli Marinning otasi Lauri Marin ichkilikka ruju qoʻydi hamda alkogolizm bilan kurashishiga toʻgʻri keldi[5]. Biologik ota-onasi ajralganidan keyin Marin onasi hamda onasining yaqin dugonasi tomonidan tarbiyalanib, voyaga yetkazildi[6][7].

Marin 2004-yilda 19 yoshida Pirkkala o‘rta maktabini aʼlo baholarga tamomladi[8]. U o‘qish paytida novvoyxonada shu bilan birga kassir bo‘lib ham ishladi. Tampere universitetining maʼmuriy fanlar bo‘yicha bakalavr hamda magistr darajasini oldi.

Erta siyosiy martabasi

Marinning siyosiy faoliyati BBC tomonidan „20 yoshida boshlangan“, oʻrta maktabni tugatgandan keyin Sotsial-demokratik yoshlar bilan aloqasi boshlangan yillar davomida tasvirlangan[6][9]. Marin 2006-yilda Sotsial-demokratik yoshlar safiga qo‘shilib, 2010-yildan 2012-yilgacha uning birinchi vitse-prezidenti bo‘lib faoliyat yuritgan[9]. 2008-yilda u Tampere shahar kengashiga saylovda muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi, biroq yana oʻz nomzodini qoʻyib, 2012-yilgi saylovlarda faol ishtirok etdi va saylandi[6][10]. U bir necha oy ichida shahar kengashi raisi bo‘lib, 2013-yildan 2017-yilgacha shu lavozimda xizmat koʻrsatdi. 2017-yilda u shahar kengashiga qayta saylangan[11]. Uning munozarali yigʻilishlari videokliplari ilk marta YouTubeʼda baham koʻrilganidan soʻng mashhur boʻlib ketdi.

Marin 2014-yilda Sotsial-demokratik partiya (SDP) raisining ikkinchi o‘rinbosari etib saylandi[12]. 2015-yilda u Finlandiya parlamentiga Pirkanmaa saylov okrugidan deputat etib saylandi[13]. Toʻrt yil oʻtgach, u qayta saylangan[14]. 2019-yil 6-iyun kuni u transport va kommunikatsiyalar vaziri etib saylandi[12][15].

2020-yil 23-avgustda Marin Antti Rinne oʻrniga SDP raisi etib saylangani maʼlum qilindi[16].

Finlandiya Bosh vaziri (2019-yildan hozirgacha)

 2019-yil dekabr oyida Marin Sotsial-demokratik partiya tomonidan Antti Rinne oʻrniga Finlandiya Bosh vaziri lavozimiga nomzod qilib koʻrsatilgan edi[17]. Biroq Rinne rasman 2020-yilning iyunigacha partiya yetakchisi boʻlib qolishga qaror qildi[18][19]. Kichik ovoz berishda Marin Antti Lindtmandan ustun kelgan. Uning besh partiyadan iborat kabinetidagi vazirlarning koʻpchiligi ayollar hisoblanib, vazirlar mahkamasi tuzilgan paytdagi 19 tadan 12 tasini tashkil etgan edi[20][21]. U Finlandiyada Anneli Jaatteenmaki hamda Mari Kiviniemidan keyingi uchinchi ayol hukumat rahbari hisoblanadi[22][19].

34 yoshida parlament tomonidan tasdiqlanganidan soʻng u Finlandiya tarixidagi eng yosh bosh vazir boʻldi hamda 2020-yil yanvarida Sebastyan Kurz bu taʼrifni qaytarib olguncha xizmat qilayotgan eng yosh davlat rahbari boʻlib qoldi[23][24].

Bosh vazir Sanna Marin Xelsinkida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashuvi. 5-fevral, 2020-yil.

2020-yilda global COVID-19 pandemiyasi paytida Marin vazirlar mahkamasi epidemiyani yumshatish uchun Finlandiyada favqulodda holat joriy qilgan[25]. Shvetsiya Bosh vaziri Stefan Lyofven 2020-yil oktabr oyida onasining dafn marosimi tufayli Yevropa Kengashi yig‘ilishida qatnasha olmagan bir paytda Marin Shvetsiya vakili sifatida yigʻilishda ishtirok etgan[26]. Buning evaziga Marin Löfvendan oʻsha oy oxiridagi Kengash yigʻilishida Finlandiya vakili boʻlishini soʻragan[27].

Tashqi siyosat

2021-yil mart oyida Marin Xitoyning Shinjon viloyatida etnik uygʻurlarga nisbatan taʼqib qilinishini qoralab chiqdi[28].

2022-yil mart oyida u YeI Rossiya neftiga qaramligini tugatishi kerakligini taʼkidladi hamda „bir tomondan bizda juda qattiq iqtisodiy sanksiyalar bor, boshqa tomondan esa biz Rossiya urushini neft, tabiiy gaz va neft sotib olish orqali moliyalashtirmoqdamiz“ deb oʻzining nutqida aytib oʻtdi[29].

Marin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2022-yil 26-may

15-may kuni Niinistyo va Marin Finlandiya NATOga aʼzo boʻlish uchun ariza berishini maʼlum qilishdi hamda 17-mayda Finlandiya parlamenti 188-8 taklifini maʼqulladi[30]. Marin Turkiyaning Finlandiyaning NATO aʼzoligiga qarshi chiqishidan hayratda ekanligini taʼkidlab oʻtdi[31]. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati o‘z hududida NATOning doimiy bazalari yoki yadro quroli bo‘lishini istamas edi[32]. 2022-yil 26-may kuni Marin Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal taklifiga binoan Kiyevga borgan va u yerda prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan hamda urushdan vayron bo‘lgan Irpin hamda Bucha shaharlariga tashrif buyurgan.

COVID-19 davridagi harakatlari

2021-yil dekabr oyi boshida Marin do‘stlari bilan Xelsinkidagi tungi klubga tashrif buyurgan edi. Oʻsha kuni u Finlandiya tashqi ishlar vaziri bilan aloqada boʻlgan, u keyinchalik COVID-19 uchun ijobiy sinovdan oʻtdi hamda shu bilan Bosh vazirni infektsiyaga duchor qildi. Maringa bu haqda xabar berilgandan soʻng Davlat kotibi oʻrinbosari unga oʻzini izolyatsiya qilish kerak emasligini haqida xabar berdi, chunki u toʻliq emlangan edi. Oʻsha kuni kechqurun Marinning hukumat ish telefoniga ikkita matnli xabar yuborildi va ushbu xabarlarda Maringa oʻzini izolyatsiya qilishi kerakligi haqida ogohlantirish kelgan edi. Biroq Marin maʼlum bir sabablarga koʻra xabarni olmagan va ogohlantirish haqida bilmagan.

Shaxsiy partiya videosi

2022-yil avgust oyida Xelsinkidagi xususiy kvartirada Marinning ziyofat va raqsga tushishi aks etgan videolar ommaga oshkor bo‘lib, ijtimoiy tarmoqda virusga aylandi[33][34]. Marin giyohvand moddalarni isteʼmol qilish bilan bogʻliq shubhalar ostida qolgani tufayli 19-avgust kuni ʻoʻzining huquqiy himoyasi hamda har qanday shubhalarni bartaraf etish uchun ixtiyoriy ravishda giyohvand moddalar testini oʻtkazdi, ammo test salbiy natijani koʻrsatdi[35][36].

Shaxsiy hayoti

2018-yil yanvar oyida Marin va uning sherigi Markus Raykkonenning qizi bor edi[37][38]. 2020-yil avgust oyida aloqa sohasida ishlaydigan Marin va Raykkonen bosh vazirning rasmiy qarorgohi „Kesaranta“da turmush qurishgan[38][39]. Ularning doimiy yashash joyi Tamperening Kaleva tumanida edi, ammo COVID-19 pandemiyasi davrida ular Kesarantada istiqomat qilishdi[38]. Iloji bo‘lsa, qishloqqa ko‘chib ketishlarini ham aytib oʻtdi[40].

Marin oʻzini „kamalak oilasidan“ deb taʼriflar edi, chunki u ikki ayol ota-onasi tomonidan tarbiyalangan[41][42]. U oilasidan universitetga kirgan birinchi odam edi[43]. Shu bilan birga Marin vegetarian ham edi[44].

Mukofotlari

Marin BBCning 2020-yil 23-noyabrda eʼlon qilingan „100 Women“ roʻyxatida bor edi[45]. 2020-yil 9-dekabrda u „Forbes“ tomonidan dunyoning 100 ta eng kuchli ayoli roʻyxatida 85-oʻrinni egalladi[46][47]. 2020-yilda u Jahon iqtisodiy forumining „Young Global Leader of the World Economic Forum“ning yetakchisi boʻlgan[48]. Marin "Time" jurnalining „Time100 Next“ nomli dunyoning yuzlab yetakchilari namoyish etiladigan sahifasi uchun tanlangan. Germaniyaning „Bild“ gazetasi Marinni „dunyodagi eng zoʻr siyosatchi“ deb taʼkidlab oʻtgan[49][50].

Manbalar