Uzdunrobita (MTS-Oʻzbekiston)

Uzdunrobita yoki MTS-Oʻzbekiston (oʻzbekcha: "Mobil TeleSistemalar", ruscha: "Мобильные ТелеСистемы") — uyali aloqa operatori, Oʻzbekistonda brend nomi Em-Te-Es (yoki ruscha МТС) deb talaffuz etiladi. Oʻzbekistondagi faoliyati 2012-yil yozida ayon boʻlgan muammolar tufayli toʻxtatilgan.

Uzdunrobita (MTS-Oʻzbekiston)
Turi Uyali aloqa operatori
Maqomi tugatilgan
Ishga tushgan sanasi 1991
Tugatilgan 2012
Tugatilish sababi Bankrotlik
Direktori Behzod Ahmedov
Mijozlar soni 11 milliondan ziyod (2012)

Tarix

1991-yil avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi koʻmagida mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi „Uzdunrobita“ kompaniyasi tashkil etildi.[1] Bu nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda tashkil etilgan birinchi mobil aloqa kompaniyasi edi. 2004-yil avgustda „Uzdunrobita“ kompaniyasi „Mobil TeleSistemalar“ OAJ xalqaro kompaniyasi (Rossiya) tarkibiga kirdi. 2006-yil iyunda oʻtkazilgan rebrendingdan soʻng kompaniya yangi „MTS“ brendi ostida oʻz xizmatlarini koʻrsata boshladi. „Uzdunrobita“ kompaniyasi Oʻzbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatori hisoblanadi va GSM 900/1800 standartida xizmatlar koʻrsatadi. Tarmoq doirasi respublikaning aksariyat hududini, aholining 90 foizdan ortigʻini, koʻpchilik aholi punktlarini, muhim avto- va temir yoʻl magistrallarini oʻz ichiga olar edi. 2007-yil aprelda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi „MTS“ OAJ kompaniyasining Oʻzbekistondagi shoʻba kompaniyasi boʻlmish „Uzdunrobita“ kompaniyasiga 3G uchinchi avlod tarmogʻining UMTS standartida aloqa xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya taqdim etdi. 2008-yilning ikkinchi yarim yilligida MTS kompaniyasi Toshkent va Samarqand shaharlarida yangi tarmoqni ishga tushirdi. Ushbu tarmoq Urganch, Xiva va Buxoroda ham ishlagan. Yangi standartni qoʻllaydigan apparatlarning egalari „Videoqoʻngʻiroq“, „Mobil televideniye“ va „Yuqori tezlikdagi Internet“ xizmatlaridan foydalanishlari mumkin boʻlgan.

Mojaro

2012-yil iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Uzdunrobita korxonasi boshqaruvchilariga qarshi jinoiy ish ochdi. Prokuratura tergov natijasida katta miqdordagi pul mablagʻlarini noqonuniy naqdlashtirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish, litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanish, soliq toʻlashdan qochish kabi qonunbuzarlik holatlari qayd etilgani haqida bildirdi.[2] Tegishli qonunbuzarliklar yuzasidan Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi 2012-yil 17-iyulda Uzdunrobita litsenziyasi 10 kunga toʻxtatilishi haqida buyruq chiqardi.[3] Shu kuni MTS-Oʻzbekiston abonentlarga xizmat koʻrsatishni toʻxtatdi,[4] korxona sayti ochilmay qoldi.[5] 2012-yil 30-iyul kuni Toshkent shahar xoʻjalik sudi litsenziya toʻxtatilishi muddatini shirkat qonunbuzarliklarni bartaraf etmagani tufayli uch oyga choʻzdirdi.[6][7][8] Bunga javoban MTS maʼmuriyati Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovga vaziyatni tartibga solishni soʻrab murojaat qildi.[9][10] 2012-yil 13-avgustida Toshkent shahar xoʻjalik sudi MTS-Oʻzbekiston shirkatining barcha litsenziyalarini bekor qildi.[11]

Murosa

2013-yil dekabrda “Mobil TeleSistemalarOAJ va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida murosa bitimi imzolandi. Unga koʻra, Kompaniya davlat ishtirokidagi qoʻshma korxona doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa xizmatini koʻrsatish boʻyicha oʻz faoliyatini tiklashni rejalashtirgan. Murosa bitimiga koʻra qoʻshma korxonaning 50,01 foiz hissasi MTSga, qolgan 49,99 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi qoshidagi Davlat unitar korxonasiga tegishli boʻlishi aytildi. Qoʻshma korxona oʻz faoliyatini MTS kompaniyasining Oʻzbekistondagi sobiq shoʻba korxonasi “Uzdunrobita” QK MChJga tegishli boʻlgan mulk, jihozlar, chastotalar va infratuzilma asosida olib boradi. Tomonlar yaqin vaqt ichida murosa bitimida koʻzda tutilgan barcha protseduralarni yakunlab, 2014-yil oxiriga qadar mobil aloqa tarmogʻini tijoriy foydalanishga topshirishni rejalashtirishgan. Murosa bitimiga asosan, "Oʻzbekiston hukumati MTS’ga 2G/3G/LTE tarmoqlari uchun litsenziyalar, zaruriy chastota diapazonlari, raqamlar sigʻimini taqdim etadi, aloqa kanallari ijarasi bilan ta’minlaydi, Oʻzbekistondagi faoliyat uchun zarur boʻlgan barcha ruxsatnomalarni beradi".

Yana qarang

Manbalar