Belgrad

Belgrad (/bɛlˈɡreɪd/bel-GRAYD; serbcha: Beograd; maʼnosi: „Oq shahar“) — Serbiya poytaxti va mamlakatning aholi eng zich yashaydigan shahri. Sava daryosining Dunayga quyilish joyida, Pannoniya tekisligi va Bolqon yarim oroli kesishgan nuqtada joylashgan[3]. Dengiz sathidan 117 m balandlikda. 2022-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, poytaxt Belgrad aholisi 1,681,405 kishini tashkil qiladi[4]. Dunay daryosi boʻyida aholi eng zich yashaydigan uchinchi katta shahardir.

Belgrad

Београд
Beograd
shahar
{{{rasmiy_nomi}}}ning bayrogʻi
Bayroq
{{{rasmiy_nomi}}}ning rasmiy gerbi
Gerb
Belgrad is located in Europe
Belgrad
Yevropa ichida joylashgan
Belgrad is located in Serbiya
Belgrad
Serbiya ichida joylashgan
44°49′14″N 20°27′44″E / 44.82056°N 20.46222°E / 44.82056; 20.46222 G O 20°27′44″E / 44.82056°N 20.46222°E / 44.82056; 20.46222 G O
Mamlakat Serbiya
Mintaqa Bolqon
Tuman Belgrad
Ichki boʻlinishi 17 munitsipalitet
Hukumat
 • Mer Aleksandr Shapich
Asos solingan Mil.avv. 279-yil
Ilk eslatilishi 878-yil
Avvalgi nomlari Singidunum, Biograd, Nandorfexervar, Landorfehrvar
Maydon 3,599 km2 (1,390 mi²)
Markazi balandligi 117 m
Iqlim turi Nam subtropik iqlim
Rasmiy til(lar)i Serbcha
Aholisi
 (2022)
1 233 796
Zichligi 3,328 kishi/km2
Milliy tarkib serblar — 90,0%
siganlar — 1,4%
chernogorlar — 0,7%
yugoslavlar — 0,6%
xorvatlar — 0,6%
makedonlar — 0,5%
goranilar — 0,3%
musulmonlar — 0,3%
boshqa — 2,8%[1]
Konfessiyaviy tarkib Pravoslavlar
musulmonlar
katolik
protestant[2]
Etnoxoronim Belgrad aholisi
Vaqt mintaqasi UTC+1, yozda UTC+2
Telefon kodi 011
Pochta indeks(lar)i 11000
Avtomobil kodi BG
Belgrad xaritada
Belgrad
Belgrad

Belgrad Yevropadagi va dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biridir. Yevropaning tarixiy madaniyat markazlaridan boʻlgan Vincha madaniyati Belgrad hududida miloddan avvalgi VI ming yillikda paydo boʻlgan. Antik davrda bu hududda frakiyaliklar — daklar yashagan. Miloddan avvalgi 279-yildan boshlab keltlar shaharga koʻchib kelib joylashadi va bu yerga Singidun deb nom qoʻyishadi[5].  Imperator Avgust hukmronligi davrida Singidun rimliklar tomonidan bosib olingan va II asr oʻrtalariga qadar Rim imperiyasi shahri maqomiga ega boʻlgan[6][7].  Milodiy 520-yillarda hududga slavyanlar koʻchib kela boshlaydi. Shahar Vizantiya imperiyasi, Franklar imperiyasi, Bolgariya imperiyasi va Vengriya qirolliklari oʻrtasida qoʻldan-qoʻlga oʻtgan. 1284-yilda Serbiya qiroli Stefan Dragutin shaharni oʻz qarorgohiga aylantiradi. Stefan Lazarevich hukmronligi va vorisi Đurađ Brankovich davrida hudud Vengriya qirolligi tarkibiga kiradi. Chunki Vengriya qiroli Belgrad hududi evaziga Stefan Lazarevichni Serbiyaning yangi hukmdori sifatida tan olishi kerak edi. Natijada Janob George boshchiligidagi Serbiya Davlat Assambleyasi va Serbiya patriarxi Nikanon Belgradni vengerlarga hadya qilishga qaror qiladi. 1456-yilda Usmonli imperiyasi Vengriya qirolliga hujum qiladi va shahar qamal qilinadi. 1521-yilda Belgrad Usmonlilar tomonidan bosib olinib, Smederevo sanjoqbeyi qarorgohiga aylantiriladi[8]. Tez-tez sodir boʻlgan Usmonli — Gabsburg urushlari natijasida shaharning katta qismi vayron boʻlgan va oxir-oqibat hukmronlik Gabsburglar qoʻl ostiga oʻtgan.

Serb inqilobidan keyin Belgrad 1841-yilda Serbiya poytaxtiga aylandi. Shimoliy Belgrad hududlari 1918-yilgacha Gabsburglar imperiyasining janubiy chegarasi boʻlgan, chunki Avstriya-Vengriya imperiyasi hududlari birinchi jahon urushidan keyin parchalanib ketdi. Uning bir qismida serb, xorvat va slovenlar davlati  — Yugoslaviya tuzilgan. 1918—2006-yillarda mavjud boʻlgan Yugoslaviya davlatining poytaxti Belgrad shahri edi.  Strategik mavqega ega boʻlgan shahar 115 ta urushda qatnashgan, 44 marta vayron qilingan, besh marta bombardimonga uchragan va koʻp marta qamalda qolgan[9].

Serbiyaning bosh shahri boʻlgan Belgrad mamlakatda maxsus maʼmuriy maqomga ega[10].  Shahar markaziy hukumat, maʼmuriy organlar va hukumat vazirliklarining qarorgohi, shuningdek, deyarli barcha yirik Serbiya kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari va ilmiy muassasalarning uyidir. Belgrad muhim strategik shahar sifatida qoʻshni davlatlarga siyosiy, iqtisodiy yoki madaniy taʼsir koʻrsatadi[11].  Shaharda dunyodagi eng katta sigʻimga ega shifoxona majmualaridan biri — Serbiya klinik markazi, eng katta pravoslav cherkovi — Avliyo Sava cherkovi va Yevropadagi eng katta sigʻimli yopiq arenalardan biri Shtark Arena joylashgan.

Belgradda 1948-yildagi Belgrad konferensiyasi, Qoʻshilmaslik harakatining birinchi sammiti (1961), YXHTning birinchi yirik yigʻilishi (1977—1978), Eurovision qoʻshiq tanlovi (2008) oʻtkazilgan. Shuningdek, sport sohasidagi yirik xalqaro tadbir FINA suv sporti boʻyicha birinchi jahon chempionati (1973), UEFA Yevro (1976), Yozgi Universiada (2009) va uch marta (1961, 1975, 2005) EuroBasket kabi tadbirlar uchun Belgrad shahri tanlangan. Belgrad shahri 2023-yilning 21-iyun kuni Expo 2027 ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasi mezbonligiga tasdiqlandi[12].

Tarixi

Qadimgi davrlarda

Vincha madaniyati haykalcha, miloddan avvalgi 4500—4000-yillar.

Zemun shahridan topilgan yoʻnuvchi tosh qurollar Belgrad atrofida paleolit ​​va mezolit davrlarida koʻchmanchi chorvadorlar yashaganligini koʻrsatadi. Ushbu qurollardan baʼzilari Mustye davriga oid, ulardan neandertallar foydalangan. Hudud yaqinida Orinyak va Gravet madaniyati ashyolari ham ham topilgan. Topilmalar bundan 50 000 — 20 000 yil oldin ham hududda aholi punktlari boʻlganligini koʻrsatadi[13].

Belgrad qalʼasi, II—XVIII asrlar davomida qurilgan, Sava va Dunay daryolarining qoʻshilishida joylashgan.

Mintaqada dehqonchilik bilan shugʻullangan odamlarning birinchi aholi punkti Starčevo madaniyatidir. Starčevo madaniyati neolit ​​davrida, aniqrogʻi miloddan avvalgi 6200- va 5200-yillar orasida gullab-yashnagan[14]. Belgrad va uning atrofida bir nechta Starčevoga oid nomlar uchraydi. Starčevo madaniyati oʻrnida keyinchalik Vincha madaniyati (miloddan avvalgi 5500—4500-yillar) yuzaga keladi. Vincha madaniyati yirik aholi yashaydigan punktlari bilan mashhur, ular Yevropada eng qadimgi aholi punktlaridan biri sifatida tan olingan[15][16][17][18]. Shuningdek, Vincha madaniyati bilan bogʻliq boʻlgan ashyolarda Yevropadagi eng qadimgi metallurgiya namunasi boʻlgan mis uchraydi[19]. Qadimgi Yevropa yozuvi sifatida tanilgan Belgrad proto-yozuv shakli shumerlar yozuvi va Minoy sivilizatsiyalaridan ham avvalroq paydo boʻlgan[20]. Shahardagi Chetinjska koʻchasidan 1890-yilda paleolit ​​davri odamining bosh suyagi topilgan, suyak qoldiqlari miloddan avvalgi 5000-yilga oid[21].

Antik davr

Belgradning geografik joylashuvi haqidagi dastlabki maʼlumotlar turli xil qadimiy afsona va rivoyatlarda ham uchraydi. Masalan, Sava daryosining Dunayga quyilish joyida joylashgan togʻ tizmasi Yason va Argonavtlar hikoyasidagi Yason toʻxtagan joylardan biri sifatida keltiriladi[6][22]. Antik davrda ham bu hududda bir qancha qabilalar, jumladan, Belgrad atrofidagi katta hududlarni boshqargan frakiyaliklar va daklar yashagan[23]. Frakiya — daklar avlodi hisoblangan Singi qabilasi Belgrad hududida istiqomat qilgan[5]. Miloddan avvalgi 279-yilda keltlar bosqini paytida Skordiski qabilalari shaharni singilardan tortib oladi va uni Singidun (d|ūn — „qal’a“) deb nomlaydi[5]. Miloddan avvalgi 34—33-yillarda Rim imperiyasi qoʻshinlari Belgradga bostirib kiradi. Hudud eramizning I asrida Rim imperiyasiga boʻysunuvchi shaharga aylanadi va II asr oʻrtalariga kelib, Rim hukumati tomonidan munitsipalitet deb eʼlon qilinadi. II sr oxiriga kelib koloniyaga aylanadi[24]. Rimning birinchi xristian imperatori — Konstantin I (Buyuk Konstantin nomi bilan ham tanilgan)[25] — Belgrad janubidagi Neysus shahrida tugʻilgan. Yana bir xristianlikni qoʻllovchi imperator Flaviy Iovianus (Jovian) Singidunumda tugʻilgan[26]. Jovian xristianlikni Rim imperiyasining rasmiy dini sifatida qayta tikladi va oʻzidan oldingi murtad imperator Julian davrida yuz bergan (u xristianlikka eʼtiqod qilishni taqiqlab qoʻyadi, shuning uchun xristian dunyosida murtad Julian laqabini olgan) anʼanaviy rimcha eʼtiqodlarining qisqa muddat tiklanish jarayoniga yakun yasadi. Milodiy 395-yilda bu joy Sharqiy Rim imperiyasi (Vizantiya imperiyasi)ga oʻtgan[27][28].

Oʻrta asrlar

Belgradni bosib olinishi, 1521-yil. Sulton Sulaymon (Buyuk) tomonidan Belgrad qalʼasi qamal qilingan.

442-yilda Belgrad hududi Attila boshliq xun qabilalari tomonidan vayron qilingan[29]. Shahar 471-yilda ostgotlar qiroli Buyuk Teodorixning Italiyaga yurishi vaqtida bosib olingan[30]. Ostgotlar ketishi bilan yana bir german qabilasi gepidlar shaharga bostirib kirib, uni egallab olgan. 539-yilda vizantiyaliklar shaharni gepidlardan qaytarib oladi[31]. 577-yilda 100 000 ga yaqin slavyanlar Frakiya va Illirikumga yurish qilib, shaharlarni talon-taroj qilishadi, keyinchalik oʻzlari ham Belgradda yashab qolishadi[32]. 582-yilga kelib Bayan I boshchiligidagi avarlar butun mintaqani va shaharning yangi egalari — slavyanlarni butunlay boʻysundirdilar[33]. Vizantiyaning De Administrando Imperio yilnomasi sahifalarida yozilishicha, oq serblar qabilasi gʻarbda Adriatika atrofidagi viloyatlarga oʻrnashib Vizantiya imperatori Gerakliyga (610—641) itoatkorlikda hayot kechirgan[34]. 829-yilda xon Omurtag Singidunum va uning atrofini Bolgariya qirolligiga qoʻshib olishga muvaffaq boʻladi[35][36]. Belgrad nomi birinchi marta 878-yil 16-aprelda Rim papasining Bolgariya hukmdori Boris I ga yuborgan nomasida[37] tilga olingan. Taxminan toʻrt asr davomida shahar Vizantiya imperiyasi, Vengriya Qirolligi va Bolgariya imperiyasi oʻrtasidagi jang maydoniga aylandi[38]. Basil II (976—1025) Belgradda qal’a qurdirgan[39]. Shahar birinchi va ikkinchi salib yurishlari davrida urush tashkilotchilariga yordam bergan, ammo, uchinchi Salib yurishi paytida, Fridrix Barbarossa va uning 190 000 salibchilar qoʻshini Belgradni vayronaga aylantirgan[40]. Vengriya qiroli Stephen V kuyovi Stefan Dragutinga (hukmronlik yillari 1276—1282) 1284-yilda Belgrad yerlarini hadya qiladi va shahar Sirmiya qirolligining poytaxtiga aylanadi. Dragutin (vengercha: Dragutin István) Belgradni boshqargan birinchi serb qiroli hisoblanadi[41].

Maritsa (1371) va Kosovo maydonidagi (1389) janglardan soʻng, Belgrad janubi Usmonli imperiyasi qoʻl ostiga oʻtadi[42][43]. Hozirgi Serbiyaning shimoliy hududlari Serbiya despotati sifatida saqlanib qolinadi, uning poytaxti Belgrad boʻlgan. Shahar serb knyazi Lazar Hrebelyanovichning oʻgʻli Stefan Lazarevich davrida gullab-yashnagan. Lazarevich devor va minoralari boʻlgan qal’a qurdiradi. Qal‘adan hozirgacha faqat Despot minorasi va uning gʻarbiy devori saqlanib qolgan. Lazarevich, shuningdek, shaharning qadimiy devorlarini qayta tiklaydi, natijada Serbiya despotati Usmonlilar hujumiga qariyb 70 yil qarshilik koʻrsatadi. Bu vaqt ichida Belgrad Usmonlilar hukmronligidan qochgan koʻplab Bolqon xalqlari uchun boshpana boʻlgan va oʻsha paytlarda shahar aholisi 40 000 dan 50 000 gacha boʻlgan deb taxmin qilinadi[41].

1427-yilda Stefanning vorisi Đurađ Branković Belgradni Vengriya qiroliga qaytarib, oʻziga poytaxt sifatida Smederevoni tanlaydi. Garchi Usmonlilar Serbiya despotligining katta hududini qoʻlga kiritgan boʻlsalar ham, Belgradning 1440- va 1456-yillarda[44] qamal qilinishi muvaffaqiyatsiz yakun topadi. 1456-yilda 100 000 Usmonli askari[45] shaharni qamal qildi. Qamal vaqtida shaharni venger generali John Hunyadi boshchiligidagi xristian armiyasi muvaffaqiyatli himoya qilgan[46]. ​​Bu gʻalaba Rim papasi Callixtus III boshchiligida butun xristian dunyosida keng nishonlanadi[47].

Usmonlilar hukmronligi va Avstriya bosqinlari

Dastlabki qamaldan 70 yil oʻtib, 1521-yil 28-avgustda qal’a 250 000 turk askari va 100 dan ortiq kema yordamida Sulaymon Sulton tomonidan bosib olingan[48][28]. Bosib olingach shaharning koʻp qismi vayron qilingan va uning butun pravoslav xristian aholisi Istanbulga[49] deportatsiya qilingan, oʻshandan beri haydab kelingan aholi joylashgan yerlar Belgrad oʻrmoni deb nomlanadi[50]. Belgrad shahri Smederevo poshosining qarorgohiga aylantirildi (shuningdek, Smederevo sanjoqbeyligi sifatida ham tilga olinadi) va tez orada 100 000 dan ortiq aholiga ega boʻlgan Yevropadagi ikkinchi eng yirik Usmonli shahriga aylandi (Yevropadagi eng yirik Usmonli shahri Konstantinopol boʻlgan). Usmonli hukmronligi davrida musulmon meʼmorchiligi uslubida koʻplab masjidlar qurilib, shahar qayta tiklanadi[51]. 1594-yilda serblarning yirik qoʻzgʻoloni Usmonlilar tomonidan ayovsiz bostirilgan. Qasos olish uchun amir Sinan posho avliyo Sava ibodatxonasini yoqib yuborishni buyurgan. XX asrda ushbu voqeani xotirlash uchun Avliyo Sava cherkovi serblar tomonidan qayta qurilgan[52].

Belgrad Gabsburglar tomonidan uch marta (1688—1690, 1717—1739, 1789—1791) bosib olingan. Ammo Usmonlilar tomonidan tezda qaytarib olingan va har safar urushlar natijasida shahar vayron boʻlgan[53].

Serbiya knyazligi va Serbiya qirolligi

Avstriyaning Serbiya gubernatori Vyurtemberg gersogi saroyining 1738-yildagi gravyurasi.

XIX asr boshlarida Belgradda asosan musulmonlar istiqomat qilgan. XIX asrgacha masjidlar va bozorlarning koʻrinishida Usmonli arxitekturasining izlari saqlanib qolgan. Musulmon meʼmorchiligi Belgrad shahri manzarasiga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Serbiyaga Usmonlilar imperiyasidan alohida viloyat sifatida muxtoriyat berilganidan keyin ham bir necha oʻn yillar bu arxitektura yoʻnalishi saqlanib qoldi[54].

Birinchi Serb qoʻzgʻoloni paytida serb inqilobchilari shaharni 1807-yil 8-yanvardan 1813-yilgacha ushlab turishdi[55]. 1815-yildagi Ikkinchi Serb qoʻzgʻolonidan soʻng Serbiya suverenitetga erishdi va bu suverenitet 1830-yilda Usmonli davlati tomonidan rasman tan olingan[56].

1890-yilda Belgradning koʻrinishi.

1815-yildan keyin Belgrad arxitekturasining rivojlanishini toʻrt davrga boʻlish mumkin. 1815-yildan 1835-yilgacha davom etgan birinchi bosqichda Usmonli taʼsiri katta boʻlgan. Shu bilan birga, Yevropa arxitektura uslublari kirib kelgan. Markaziy va Gʻarbiy Yevropa meʼmorchiligining gullab-yashnash davri boshlangan. 1835—1850-yillar oraligʻida Avstriya chegarasidan janubda neoklassik va barokko uslubida barpo etilgan binolar soni sezilarli darajada oshdi, bunga 1840-yilda qurilgan Avliyo Michail sobori (serbcha: Saborna crkva) misol boʻla oladi. XIX asrning soʻnggi choragida Markaziy Yevropa shaharlariga xos boʻlgan toʻrtinchi bosqich eklektistik uslub bilan ajralib turadi[57].

1890—1900-yillardagi Belgradning koʻrinishi.

1841-yilda shahzoda Mihailo Obrenović Serbiya knyazligi poytaxtini Kragujevacdan Belgradga koʻchirdi[58][59]. Shahzoda Mihailo Obrenović (1815—1839-yillarda hukmronlik qilgan) yangi aholi punktlarini qurish orqali shahar aholisini koʻpaytirishga intilib, Belgradni knyazlikning maʼmuriy, harbiy va madaniy muassasalari markaziga aylantirishni maqsad qilgan. Oxir-oqibat bu istagiga erishgan. Uning yangi bozor maydonini yaratish loyihasi unchalik muvaffaqiyatli boʻlmadi. Chunki bir necha asrlardan beri aholi Donja čarshija va Gornja čarshija kabi bozorlarda savdo-sotiq ishlarini olib borilgan. Yangi qurilish loyihalarida xristianlik anʼanalari ustunlik qilgan, shahards eski musulmon mahallalari qisqara borgan. 1863-yilda Usmonlilar tomonidan tuzilgan shahar xaritasida 9 musulmon mahallasi aks etgan. Bugungi kunda faqat beshta shunday mahallaning nomi maʼlum: „Ali-pašina“, „Reis-efendijina“, „Jahja-pašina“, „Bajram-begova“, va „Laz Hadži-Mahmudova“[60]. Chukur favvorasi voqeasidan keyin Belgrad Usmonlilar tomonidan bombardimon qilingan[61].

1867-yil 18-aprelda Usmonli hukumati Usmonli garnizonini Kalemegdandan olib chiqishga buyruq berdi. Harbiy garnizon 1826-yildan buyon Serbiyadagi Usmonli hukmronligining soʻnggi qoldiqlari boʻlgan. Serbiyaning suverinitetini tan olishga Usmonlilar bir shart bilan rozi boʻladi. Unga koʻra, Serbiya mustaqillikka erishgandan keyin ham Usmonli bayrogʻi qal’a ustida Serb bayrogʻi bilan birga hilpirab turishi kerak edi. Serbiyaning mustaqilligi shu voqeadan boshlangan[62]. Keyingi yillarda shaharsozlik boʻyicha mutaxassis Emilijan Josimović Belgradga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. U 1867-yilda shaharni tartibga solish rejasini ishlab chiqdi. Rejada Josimović shaharning qiyshiq koʻchalarini yangi loyiha bilan almashtirishni taklif qildi. Mustaqil Serbiyaning siyosiy va madaniy institutlari, shuningdek, shaharda koʻplab parklar qurilishi ham katta ahamiyatga ega edi. Serb olimlari Josimović loyihalarini shaharni Usmonli meʼmorchilik anʼanalarini gʻarb meʼmorchilik uslublariga almashtirish sifatida qayd etganlar. Belgrad va Serbiyani qoʻl ostida ushlagan davlatning poytaxti Istanbul ham xuddi shunday oʻzgarishlarga duch keldi[63].

1931-yildagi Belgrad otkritkasi[64] qarang: Eski saroy, Terazije, Knyaz Milosha koʻchasi, Kalemegdan va Eski pochta boʻlimi.

1868-yil may oyida knyaz Mihailo amakivachchasi Anka Konstantinovich bilan oʻz qarorgohidan aravada chiqayotganda oʻldirildi[65].

1878-yilda knyazlikning toʻliq mustaqilligi va 1882-yilda uni Serbiya qirolligiga aylantirilishi bilan Belgrad yana Bolqon yarim orolining muhim shahriga aylandi va tezlik bilan rivojlana boshladi[66]. Serbiyaning ikkinchi yirik shahri boʻlgan Nishga temir yoʻl ochilishi va boshqa yaratilgan shart-sharoitlarga qaramay Serbiya agrar mamlakatligicha qoldi. 1900-yilda poytaxtda 70 ming aholi[67] boʻlgan (oʻsha paytda Serbiyaning oʻzida 2,5 million kishi yashagan). Shunga qaramay, 1905-yilga kelib aholi soni 80 000 dan oshdi va 1914-yilda birinchi jahon urushi boshlanishi arafasida Avstriya-Vengriyaga tegishli boʻlgan Zemun shahrini hisobga olmaganda, Belgrad aholisi 100 000 dan oshib ketadi[68].

Bolqon va Markaziy Yevropada kinofilmlarning birinchi namoyishi 1896-yil iyun oyida Belgradda boʻlib oʻtgan. Filmlar namoyishi aka-uka Lyumerlar vakili Andre Kar tomonidan oʻtkazilgan. Andre Kar keyingi yili Belgrad haqidagi birinchi kinofilmlarini suratga oldi; ammo ular saqlanib qolmagan[69]. Belgradda birinchi doimiy kinoteatr 1909-yilda ochilgan[70].

Birinchi jahon urushi: Germaniya-Avstriya istilosi

Belgrad himoyachilariga yodgorlik ossuariysi 1914—1918-yillar.

Birinchi jahon urushi 1914-yil 28-iyulda Avstriya-Vengriya Serbiyaga urush eʼlon qilishidan keyin boshlandi. Keyingi Bolqon hujumlarining aksariyati Belgrad yaqinida sodir boʻlgan. 1914-yil 29-iyulda Avstriya-Vengriya armiyasi Belgradni oʻqqa tutdi va u 30-noyabrda general Oskar Potiorek boshchiligidagi qoʻshinlar hujumi natijasida bosib olindi. 15-dekabrda Belgrad marshal Radomir Putnik boshchiligidagi serb qoʻshinlari tomonidan qaytarib olingan. 1915-yil 9-oktyabrda Belgrad feldmarshal Avgust fon Makkensen qoʻmondonligidagi nemis va Avstriya-Vengriya qoʻshinlari qoʻliga oʻtadi. Shahar 1918-yil 1-noyabrda fransuz marshali Lui Franchet d’Esperi boshchiligidagi fransuz qoʻshinlari va Serbiya valiahd shahzodasi Aleksandr qoʻmondonligi ostida serblar tomonidan ozod qilingan[71][72]. Urush natijasida vayron boʻlgan Belgrad bir muncha vaqt qirollikning eng yirik shahri unvonini boy berdi[73].

Yugoslaviya qirolligi

Teatr maydoni (hozirgi Respublika maydoni) 1934-yil.

Belgrad urushdan keyin serb, xorvat va slovenlar davlati — Yugoslaviyaning poytaxti boʻldi. 1929-yilda hududlar nomi Yugoslaviya qirolligi deb nomlandi. Qirollik banovinalarga boʻlingan. Belgrad Zemun va Pančevo shaharlari bilan birgalikda alohida maʼmuriy birlikni tashkil qilgan[74].

XX asrning 30-yillarida shahar aholisi tezlik bilan oʻsdi, modernizatsiyani boshdan kechirdi. Belgrad aholisi 1931-yilga kelib 239 000 kishiga (Zemun bilan birga) va 1940-yilga kelib 320 000 ga yetdi. 1921-yildan 1948-yilgacha aholining oʻsish sur’ati yiliga oʻrtacha 4,08% ni tashkil etgan[75].

Belgradning birinchi aeroporti 1927-yilda ochilgan. 1929-yilda uning birinchi radiostansiyasi eshittirishlarini boshlaydi. Dunay daryosini kesib oʻtuvchi Panchevo koʻprigi 1935-yilda[76], Sava ustidagi qirol Aleksandr koʻprigi 1934-yilda ochilgan. Ikkinchi jahon urushi Belgrad qal’asi atrofida boʻlib oʻtdi va urushning borishi 80 000 aholi hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatdi[77].

Ikkinchi jahon urushi: Germaniya tomonidan bosib olinishi

1941-yil 25-martda valiahd shahzoda Paul hukumati ikkinchi jahon urushida chetda turish va mojaro paytida Yugoslaviyani betaraf saqlash maqsadida Germaniya boshliq kuchlar bilan Uch tomonlama pakt imzoladi. Buning ortidan darhol Belgraddagi ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Natijada havo kuchlari qoʻmondoni general Dušan Simović boshchiligida harbiy toʻntarish uyushtirildi, u qirol Peter II ni davlatni boshqarish yoshiga yetgan deb eʼlon qildi. 1941-yil 6-aprelda shahar Luftwaffe tomonidan bombardimon qilindi. Hujum natijasida 2274 kishi halok boʻldi[78][79][80]. Yugoslaviya hududlari Germaniya, Italiya, Vengriya va Bolgariya kuchlari tomonidan bosib olindi. Belgrad shahri hiyla-nayrang ishlatgan nemis ofitseri Fritz Klingenberg boshchiligidagi olti nemis askari tahdidi ostida taslim boʻldi[81]. Belgrad oʻsha oyda nemis armiyasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ishgʻol qilindi va qoʻgʻirchoq hukumat — Nedić rejimi oʻrnatildi[82]. Belgradning baʼzi hududlari Xorvatiya mustaqil davlati tarkibiga qoʻshildi, u yer Ustashe rejimi ostida boshqarilgan. Ustashe rejimi ostida mamlakatda serblarni ommaviy qatl qilish, zoʻrlash, etnik tozalash, deportatsiya ishlari amalga oshirildi. Bu voqealar tarixga Serblar genotsidi nomi bilan kirgan[83].

Belgrad fuqarolari Qizil armiyaning 3-Ukraina frontini nemis bosqinchi qoʻshinlaridan ozod qilganlar sifatida kutib olishmoqda, 1944-yil 20 oktyabr.

1941-yilning yozi va kuzida partizan hujumlariga javoban nemislar Belgrad fuqarolarini bir necha marta qirgʻin qilishgan. Xususan, yahudiy jamiyati aʼzolari Germaniya taʼsirida boʻlgan general Franz Böhme buyrugʻi bilan ommaviy otishmalarga uchragan. Böhme har bir oʻldirilgan nemis uchun 100 serb yoki yahudiyni otib oʻldirish haqidagi buyruq bergan[84]. Belgrad Yevropada fashistik davlatlar tomonidan Judenfrei (Xolokost davrida yahudiylardan „tozalangan“ hudud) deb eʼlon qilingan birinchi shahar boʻlgan[85]. Belgraddagi qarshilik harakatiga mayor Žarko Todorović 1941—1943-yillarda yaʼni hibsga olinguncha boshchilik qilgan[86].

Germaniya va fashist ittifoqchilarning bombardimonidan ikki marta vayron boʻlgan Rotterdam singari, Belgrad ikkinchi jahon urushi davrida 1944-yil 16-aprelda ittifoqchilar tomonidan bombardimon qilingan va kamida 1100 kishi halok boʻlgan. Ushbu mash’um voqealar provaslavlarning Pasxa bayramiga toʻgʻri keladi[87]. Shaharning katta qismi 1944-yil 20-oktabrda Qizil Armiya va Yugoslaviya kommunistik partizanlari tomonidan fashistlardan ozod qilinadi. 1925-yilda partiya

1945-yil 29-noyabrda marshal Josip Broz Tito Belgradda Yugoslaviya Federativ Xalq Respublikasi tuzilganligini (keyinchalik 1963-yil 7-aprelda Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi deb oʻzgartirildi) eʼlon qildi[88].

Yugoslaviya Sotsialistik respublikasi

Urush tugagach olib borilgan hisob-kitoblarga koʻra shaharda 11 500 ta uy-joy vayron boʻlgan[89]. Urushdan keyingi davrda Belgrad Yugoslaviyaning poytaxti sifatida tez rivojlanib, yirik sanoat markaziga aylandi.

1948-yilda Yangi Belgrad shahrining qurilishi boshlandi. 1958-yilda Belgradning birinchi televizion stansiyasi kanallarni efirga uzata boshlaydi. 1961-yilda Belgradda Tito raisligida Qoʻshilmaslik harakatining birinchi taʼsis konferensiyasi boʻlib oʻtgan[90]. 1962-yilda Belgradda Nikola Tesla aeroporti qurilgan. 1968-yilda talabalarning shahardagi yirik namoyishlari talabalar va politsiya oʻrtasida bir necha koʻcha toʻqnashuvlariga olib keldi[91].

1999-yilda NATO bombardimonida shikastlangan Sobiq Mudofaa vazirligi binosi.

1972-yilda Belgradda chechak epidemiyasi qayd etildi, bu ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada yuz bergan chechakning oxirgi yirik epidemiyasi boʻlgan[92]. 1977-yilning oktyabridan 1978-yilning martigacha shahar Helsinki kelishuvlarini amalga oshirish maqsadida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining birinchi yirik yigʻilishiga mezbonlik qilgan boʻlsa, 1980-yilda Belgradda YUNESKO konferensiyasi oʻtkazilgan[93]. Josip Broz Tito 1980-yil may oyida vafot etdi va uning Belgraddagi dafn marosimida Birlashgan Millatlar Tashkilotining 154 aʼzosidan 128 tasidan vakillar, yuqori amaldorlar va davlat delegatsiyalari ishtirok etdi. U tarixdagi eng katta dafn marosimlaridan biriga aylangan[94].

Yugoslaviyaning parchalanishi

Belgradda 1991-yil 9-mart kuni Vuk Drašković boshchiligida Slobodan Miloshevichga qarshi ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtdi[95]. Turli ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, koʻchalarda 100 000 dan 150 000 gacha odam toʻplangan[96]. Namoyishlar chogʻida ikki kishi halok boʻlgan, 203 kishi yaralangan va 108 kishi hibsga olingan. Oʻsha kuni tartib oʻrnatish uchun tanklar koʻchalarga chiqarilgan[97]. Belgradda urushga qarshi koʻplab norozilik namoyishlari boʻlib oʻtgan, eng yirik namoyishlar Sarayevo qamali qurbonlariga uyushtirilgan birdamlik kuni boʻlib oʻtgan[98][99]. Hukumatga qarshi keyingi namoyishlar 1996-yilning noyabridan 1997-yilning fevraligacha Belgradda mahalliy saylovlarni soxtalashtirilganlik uchun kelib chiqqan[100]. Bu noroziliklar Yugoslaviya Kommunistlar Ligasiga yoki undan keyingi oʻrinda turuvchi Serbiya Sotsialistik partiyasiga aʼzo boʻlmagan Belgradning birinchi meri Zoran Đinđićni hokimiyatga olib keldi[101].

1999-yilda, Kosovo urushi paytida, NATOningYugoslaviyani bombardimon qilishi shaharga jiddiy zarar yetkazdi. Portlatilgan joylar orasida bir qancha vazirlik binolari, Radio televideniya binosi, shifoxonalar, Yugoslaviya mehmonxonasi, Markaziy Qoʻmita binosi, Avala minorasi va Xitoy elchixonasi boʻlgan[102]. NATO bombardimonlari natijasida 2000 ga yaqin tinch aholi halok boʻlgan[103]. Yugoslaviya urushlaridan soʻng Serbiya Yevropadagi eng koʻp qochqinlar va ichki koʻchirilganlar vataniga aylandi, bu qochqinlarning uchdan biridan koʻprogʻi Belgradga joylashgan[104][105][106][107].

2000-yilgi prezidentlik saylovlaridan soʻng Belgrad yirik ommaviy norozilik namoyishlari hududiga aylandi, unda yarim milliondan ortiq odam qatnashdi. Bu namoyishlar Otpor (1998—2004-yillarda mavjud boʻlgan Serbiyadagi siyosiy tashkilot) harakatining bir qismi sifatida prezident Miloševićning hokimiyatdan chetlatilishiga olib keldi[108][109].

Rivojlanishi

Belgrad Waterfront loyihasining qurilish ishlari. 2022-yil.

2014-yilda Serbiya hukumati va uning Birlashgan arab amirliklaridagi hamkori Eagle Hills Properties kompaniyasi tomonidan shaharni yangilash maqsadida Belgrad Waterfront loyihasi boshlangan. Loyihaga Serbiya hukumati va ularning BAAdagi hamkorlari tomonidan 3,5 milliard yevroga yaqin sarmoya kiritilishi rejalashtirildi[110]. Loyiha ofis va hashamatli turar-joy binolari, besh yulduzli mehmonxonalar, savdo markazi va „Belgrad minorasi“ni qurishni koʻzda tutadi. Biroq, loyiha juda ziddiyatli — uning moliyalashtirilishi, zarurati va arxitekturasida shaharning qolgan qismi bilan uygʻunlik yoʻqligi bilan bogʻliq bir qator noaniqliklar mavjud[111].

Soʻnggi yillarda Belgrad shahri jadal rivojlanmoqda va rekonstruksiya qilinmoqda, ayniqsa Yangi Belgrad hududida (2020-yil holatiga koʻra) Serbiyaning eng yirik iqtisodiy sohalaridan biri boʻlgan Belgrad IT sektorini qoʻllab-quvvatlash uchun turar-joy va ofis binolari qurilmoqda. 2020-yil sentabr oyida Belgradda 2000 ga yaqin faol qurilish maydonchalari roʻyxatga olingan[112].

Geografiyasi

Topografiyasi

Belgraddagi Savaning Dunayga quyilish joyi. Surat Kalemegdan qalʼasidan olingan.

Belgrad dengiz sathidan 116,75 m (383,0 fut) balandlikda, Sava daryosining Dunayga quyilishida joylashgan[9]. Belgradning tarixiy markazi boʻlgan Kalemegdan Dunay daryosining oʻng qirgʻogʻida joylashgan. XIX asrdan boshlab shahar janub va sharqqa qarab kengayib boradi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Sava daryosining chap qirgʻogʻida Belgradni Zemun bilan bogʻlaydigan Yangi Belgrad shahri qurilgan. Dunay boʻylab joylashgan kichikroq Krnjača, Kotez va Borcha kabi turar joy hududlari ham shahar bilan birlashadi. Ogʻir sanoatga ixtisoslashgan Panchevo shahri Belgrad tarkibiga kirmaydi, hozirgacha alohidaligicha qolmoqda.

Iqlimi

Sava daryosi, Belgrad qirgʻogʻi.

Köppen iqlim tasnifiga koʻra, Belgrad ham nam subtropik, ham nam kontinental iqlimga ega. Yilning toʻrt faslida bir xil miqdorda yogʻin yogʻadi. Oylik oʻrtacha harorat yanvarda 1,4 °C (34,5 °F) dan iyulda 23,0 °C (73,4 °F) gacha, yillik oʻrtacha harorat 12,5 °C (54,5 °F)ga yetadi. Yiliga harorat 30 °C (86 °F) dan yuqori boʻlgan oʻrtacha 31 kun va harorat 25 °C (77 °F) dan yuqori boʻlgan 95 kun bor. Belgradda yiliga taxminan 691 mm (27 dyum) yogʻingarchilik yogʻadi, bahorning oxirida esa namgarchilik yuqori boʻladi. Quyoshli kunlarning yillik oʻrtacha miqdori 2112 soatni tashkil qiladi.

Belgradda rasman qayd etilgan eng yuqori harorat 2007-yil 24-iyulda 43,6 °C (110,5 °F) boʻlgan[113], eng past harorat 1893-yil 10-yanvarda 26,2 °C (-15 °F) boʻlgan[114].

Belgrad (1991—2020, ekstremallar 1936-yildan hozirgi kungacha) iqlimi
KoʻrsatkichYanFevMartAprMayIyunIyulAvgSenOktNoyDekYil
Mutlaq maksimal, °C20,723,93032,434,937,443,640,041,833,728,422,643,6
Oʻrtacha maksimal, °C5,27,813,118,923,627,129,329,718,513,38,13,013,0
Oʻrtacha harorat, °C5,27,813,118,923,627,129,329,724,318,712,26,118,0
Oʻrtacha minimal, °C−0,70,64,28,813,216,718,418,514,19,45,10,59,1
Mutlaq minimal, °C−24,5−20,5−12,4−3,40,44,68,36,70,6−6,9−8,3−15,8−24,5
Yogʻingarchilik meʼyori, mm47,943,548,751,572,395,666,555,158,654,849,654,8698,9
Manba: Serbiya respublikasi Gidrometeorologiya xizmati[115][116] Meteo Climat (rekord yuqori va past koʻrsatkichlar)[117].
Avala togʻidagi Nomaʼlum qahramon haykali.


Belgrad uchun iqlim maʼlumotlari (2010—2022) iqlimi
KoʻrsatkichYanFevMartAprMayIyunIyulAvgSenOktNoyDekYil
Oʻrtacha maksimal, °C0,12,24,99,313,517,819,519,415,210,16,52,110,0
Oʻrtacha harorat, °C5,58,813,319,123,127,830,230,525,218,913,07,018,5
Oʻrtacha minimal, °C2,85,59,114,218,322,924,825,020,214,59,84,614,3
Manba: weatheronline.co.uk[118].

Gerbi

Belgrad gerbi.

1931-yilda shahar assambleyasi raisi Milan Nesich shahar gerbini tasdiqlash tashabbusini ilgari surdi. Tezda qoʻmita tuzildi, uning tarkibiga sanʼatkorlar va olimlar, siyosatchilar va harbiylar kiritildi. 1931-yil 19-mayda bir qator yigʻilishlardan soʻng qoʻmita shahar gerbining tasviri uchun belgilangan talablarni kelishib oldi. Avvalo qalqon aks etishi, qalqon foni davlat bayrogʻi ranglariga boʻyalgan boʻlishi kerak edi. Belgradning qudrati ramzi sifatida daryo, antik davr timsoli sifatida Rim triremasi, shaharning ramzi sifatida minorali oq devorlar, erkinlik ramzi sifatida ochiq darvozalar tasviri boʻlishi shart edi. Daryo va devorlar orasidagi yer shahar aholisining toʻkilgan qonini va azobini eslatish uchun qizil rangda boʻlishi, geraldik qonunlarga koʻra daryo oq rangda, devor va minora ham „oq shahar“ maʼnosini bildirishi uchun oq rangda boʻlishi, osmon yorugʻ kelajakka umid maʼnosida koʻk rangga boʻyalishi shart deb kelishiladi. Gerbning koʻrinishi uchun ushbu talablarga mos Jorj Andreevich-Kun loyihasi 1931-yilda gʻolib boʻlib maxsus tanlovda eʼlon qilinadi[119][120].

Maʼmuriyati

Serbiya Respublikasi Milliy Assambleyasi Palatasi.

Belgrad Serbiyadagi alohida hududiy birlik boʻlib, oʻzining avtonom shahar hokimiyatiga ega. Belgrad shahar assambleyasi toʻrt yillik muddatga saylanadigan 110 aʼzodan iborat[121]. Assambleya tomonidan saylanadigan 13 aʼzodan iborat shahar Kengashi mavjud. U kundalik maʼmuriy ishlarni boshqaradigan shahar maʼmuriyati ustidan nazoratga ega[122]. Maʼmuriy hokimiyat 14 ta kotibiyatga boʻlingan boʻlib, ularning har biri transport yoki sogʻliqni saqlash kabi oʻziga xos vazirlikka va bir nechta professional xizmatlar, agentliklar va institutlarga ega[123].

2022-yilgi Belgrad shahar assambleyasi saylovlarida Serbiya Sotsialistik partiyasi bilan Serbiya progressiv partiyasi koalitsiya tuzgan. 2004—2013-yillarda Demokratik partiya hokimiyatni boshqargan[124]. Serbiyaning siyosiy va iqtisodiy hayotidagi ahamiyati tufayli shahar merining idorasi koʻpincha Serbiya hukumati raisi va respublika prezidentidan keyin mamlakatdagi uchinchi muhim idora sifatida tasniflanadi[125][126].

Poytaxt sifatida Belgradda Serbiyaning barcha davlat hokimiyati organlari — ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi, sud hokimiyati va deyarli barcha milliy siyosiy partiyalarning shtab-kvartirasi, shuningdek, 75 diplomatik vakolatxona joylashgan[127]. Bunga Milliy Assambleya, Prezidentlik, Serbiya hukumati va barcha vazirliklar, Oliy kassatsiya sudi va Konstitutsiyaviy sud kiradi.

Munitsipalitetlar

Shahar meriyasi (Eski saroy) — mer qarorgohi.

Shahar 17 ta munitsipalitetga boʻlingan[128]. Ilgari ular 10 ta shahar va markazlari kichikroq shaharchalardan iborat 7 ta munitsipalitetlarga boʻlingan[129] . Yangi 2010-yilgi shahar nizomi asosida ularning barchasiga teng maqom berilgan.

Munitsipalitetlarning aksariyati Dunay va Sava daryolarining janubiy tomonida, Shumadija viloyatida joylashgan. Uchta munitsipalitet (Zemun, Yangi Belgrad va Surchin) Sirmiya viloyatidagi Savaning shimoliy qirgʻogʻida, Palilula munitsipaliteti Dunay daryosini boʻyida joylashgan.

Belgrad munitsipalitetlari xaritasi.
MunitsipalitetTasnifiHududi (km2)Aholisi (2021)Aholi zichligi (har km2)
Barajevoshahar cheti21326,604125
Čukaricashahar156176,0921,129
Grockashahar cheti28983,435289
Lazarevacshahar cheti38455,513145
Mladenovacshahar cheti33949,020145
Novi Beogradshahar41209,8125,117
Obrenovacshahar cheti41169,376169
Palilulashahar451182,672405
Rakovicashahar31104,9213,385
Savski Venacshahar1436,4312,602
Sopotshahar cheti27119,24671
Stari Gradshahar544,7128,942
Surčinshahar28545,595160
Voždovacshahar148175,0751,182
Vračarshahar355,76818,589
Zemunshahar154179,3681,164
Zvezdarashahar32171,9235,372
Umumiy3,2271,685,563522

Demografiyasi

2021-yilda Belgrad viloyatining aholi piramidasi.

2022-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, shaharda 1,383,875 aholi istiqomat qiladi, Borcha, Ovcha va Surchin kabi aholi punktlari bilan birga 1,681,405 nafar aholiga ega.

Belgrad sobiq Yugoslaviya va Bolqon mintaqasidagi koʻplab etnik guruhlarning vatani hisoblanadi. Asosiy etnik guruhlar: serblar (1505448), siganlar (27325), chernogorlar (9902), yugoslavlar (8061), xorvatlar (7752), makedonlar (6970) va musulmonlar (3996)[130]. Koʻplab odamlar shaharga kichikroq shaharlar va qishloqlardan iqtisodiy muhojir sifatida kelgan boʻlsa, oʻn minglab odamlar 1990-yillardagi Yugoslaviya urushlari natijasida Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina va Kosovodan qochqin sifatida kelgan[131].

Taxminlarga koʻra, Belgradda 10 000 dan 20 000 gacha[132] xitoyliklar yashaydi. Xitoyliklar 1990-yillarning oʻrtalarida kelgan. Oʻshandan beri Yangi Belgraddagi 70-blok xalq tilida Xitoy mahallasi sifatida tanilgan[133][134]. Koʻpgina Yaqin Sharq fuqarolari (asosan, Suriya, Eron, Iordaniya va Iroqdan kelganlar) 1970—1980-yillarda taʼlim olish uchun kelgan va shaharda yashab qolgan[135]. Belgradda XIX asrda va XX asr boshlarida aromunlar, chexlar, yunonlardan iborat kichik jamoalar; nemislar, vengerlar, yahudiylar, turklar, armanlar va rus muhojirlari ham mavjud boʻlgan. Bugungi kunda shahar atrofida ozchilikka ega ikkita aholi punkti mavjud: Ovcha va Boljevci qishlogʻi. Ularning ikkalasida ham aholisining toʻrtdan bir qismi ruminlar va slovaklardir.

Aholining oʻsishi
YilAholi±% y.oʻ.s.
142650 000[136]—    
1683100 000[136]+0.27%
180025 000[137]−1.18%
185015 000[137]−1.02%
186022 000[137]+3.90%
187527 000[137]+1.37%
188036 000[137]+5.92%
189054 000[137]+4.14%
190069 000[137]+2.48%
191089 000[137]+2.58%
1921111 739+2.09%
1931238 775+7.89%
1948397 911+3.05%
1953477 982+3.73%
1961657 362+4.06%
1971899 094+3.18%
19811 087 915+1.92%
19911 133 146+0.41%
20021 119 642−0.11%
20111 166 763+0.46%
20221 197 714+0.24%
Aholi punktlariAholi
[138]
Belgrad1,197,714
Borča51,862
Kaluđerica28,483
Lazarevac27,635
Obrenovac25,380
Mladenovac22,346
Surčin20,602
Sremčica19,434
Ugrinovci11,859
Leštane10,454
Ripanj10,084

Belgradda bir nechta diniy jamoalar mavjud boʻlsa-da, shaharning diniy tarkibining tuzilishi nisbatan bir xil. Serb pravoslav jamiyati 1 475 168 tarafdori bilan eng katta hisoblanadi. Shuningdek, 31 914 musulmon, 13 720 rim katolik va 3 128 protestant bor.

Bir paytlar Belgradda yahudiylar jamoasi boʻlgan, ammo ikkinchi jahon urushi natijasida fashistlar tomonidan shaharni bosib olishi va undan keyingi yahudiylarning emigratsiyasidan soʻng ularning soni 10 000 dan 295 taga kamayib ketgan[139]. Belgrad eng koʻp buddistlar yashaydigan joylardan biri boʻlgan. Rossiya fuqarolar urushi ortidan 400 ga yaqin asosan buddist qalmiqlar Belgrad shahri atrofiga joylashganlar. Yevropadagi birinchi buddistlar ibodatxonasi 1929-yilda Belgradda qurilgan. Ularning aksariyati ikkinchi jahon urushidan keyin koʻchib ketgan. Belgrad pagodasi esa tashlab ketilgan. Buddistlarning Belgrad pagodasi kommunistik rejim buyrugʻi ostida oxir-oqibat buzib tashlangan[140].

Iqtisodiyoti

Serbiya temir yoʻllari bosh qarorgohi Belgradda joylashgan.

Belgrad Serbiya va Janubi-Sharqiy Yevropaning moliyaviy markazi boʻlib, jami 17×10^6 m2 (180×10^6 kv. ft) shaxsiy yoki ijaraga beriladigan ofis maydoniga ega[141]. Shaharda Serbiyaning Markaziy banki ham joylashgan. Belgradda 750 550 nafar xodim ishlaydi (2020-yil iyul)[142] 120 286 tasi korxonalarda[143], 76 307 muassasalarda va 50 000 ta ishchi doʻkonlarda faoliyat yuritadi[144]. 2019-yil holatiga koʻra, Belgradda Serbiyaning ish bilan band aholisining 31,4 foizi yashaydi va yalpi ichki mahsulotning 40,4 foizdan ortigʻini ishlab chiqaradi[145][146]. 2014-yilda shaharning nominal Yalpi ichki mahsuloti 16,97 milliard AQSh dollariga baholangan, bu aholi jon boshiga 859,329 dinor (10,086 dollar) ni tashkil qiladi[147]. 2019-yilda shahar yalpi ichki mahsuloti xarid qobiliyati pariteti boʻyicha 52,1 milliard dollarga baholandi, xarid qobiliyati pariteti boʻyicha aholi jon boshiga 32.572 dollarni tashkil etgan[148].

Yangi Belgrad — mamlakatning markaziy biznes tumani va Janubi-Sharqiy Yevropaning moliyaviy markazlaridan biri. U mehmonxonalar, kongress zallari (masalan, Sava Centar), A va B toifali ofis binolari va biznes parklari kabi bir qator imkoniyatlarga ega. Yangi Belgradda 1.2×10^6 m2 (13×10^6 kv. ft) dan ortiq ofis maydonlari qurilmoqda, kelgusi uch yil ichida rejalashtirilgan qurilish qiymati 1,5 milliard yevrodan oshadi. Belgrad fond birjasi Yangi Belgradda joylashgan va €6,5 mlrd (7,1 mlrd. AQSH dollari) bozor kapitaliga ega.

IT sohasida 6 924 kompaniyaga ega (2013-yil maʼlumotlariga koʻra) Belgrad Janubi-Sharqiy Yevropadagi eng yirik axborot texnologiyalari markazlaridan biri hisoblanadi. Koʻpgina Asus[149], Intel[150], Dell[151], Huawei, Nutanix[152], NCR[153] kabi global IT kompaniyalari mintaqaviy faoliyat markazi sifatida Belgradni tanlaydilar. Eng mashhur Belgrad IT startaplari „Nordeus“, „ComTrade Group“, „MicroE“, „FishingBooker“ va „Endava“. Shahardagi IT inshootlari orasida Mihajlo Pupin instituti va ILR[154] hamda yangi Zvezdara IT-markazi mavjud[155]. Koʻpgina taniqli IT innovatorlari oʻz faoliyatlarini Belgradda boshlaganlar, bular sirasiga dasturchilar Voja Antonić va Veselin Jevrosimović kiradi.

2021-yilning dekabr oyida Belgraddagi oʻrtacha oylik maosh soliqlarsiz 94,463 dinor ($946) ni tashkil etdi, yalpi ekvivalenti 128,509 dinor ($1288), Yangi Belgradda esa 1,059 yevro[156]. Shahar uy xoʻjaliklarining 88 foizida kompyuter bor, 89 foizi internetga ulangan va 93 foizida pullik televidenie xizmatlari mavjud[157].

Cushman & Wakefield kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, Knyaz Mihailova koʻchasi savdo maydonchasini ijaraga olish boʻyicha dunyodagi eng qimmat chakana savdo koʻchalari roʻyxatida 36-oʻrinda turadi[158].

Byudjeti

Belgrad shahrining byudjeti Belgrad hokimligi moliya kotibiyati tomonidan ishlab chiqiladi. Kotibiyatning har kalendar yil uchun loyihasi Belgrad Assambleyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Shahar byudjeti doimiy ravishda oʻsib bormoqda: 1994-yilda u 360 million dinorni, 2000-yilda — 5,3 milliard dinordan koʻproqni, 2013-yilda — 88 milliard dinor, 2020-yilda — 143 milliard dinordan ortiqni tashkil etdi[159][160][161]. Bu 2019-yilga nisbatan 9,6 foizga koʻp. Shundan 53,5 milliard dinor transport va infratuzilmani rivojlantirishga, jumladan, yangi avtobus va trolleybuslar sotib olishga; 18 mlrd dinor — maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasiga, shu jumladan, 17 ta yangi bolalar bogʻchasi qurishga; 7,6 milliard dinor — boshlangʻich va oʻrta taʼlim uchun; 5,7 milliard dinor — sport va madaniyat uchun; 4,9 milliard dinor — ijtimoiy himoyaga; 1,5 milliard dinor — nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, oilada ikkinchi farzand tugʻilgani uchun buydjet bir martalik nafaqa toʻlash tartibi boʻyicha 20 ming dinor mablagʻ ajratadi[159][160][161].

Sanoati

Belgraddagi birinchi sanoat korxonasi XIX asr boshlarida birinchi serb qoʻzgʻoloni paytida tashkil etilgan artilleriya ustaxonasi boʻlgan. 1831-yilda shaharda birinchi bosmaxona, 1838-yilda charm ishlab chiqarish, 1839-yilda pivo zavodi, 1842-yilda birinchi metallga ishlov berish korxonasi ochilgan. 1913-yilga kelib, Belgrad va Zemunda Avstriya-Vengriyaga tegishli boʻlgan 55 ta zavod va fabrika mavjud edi. Birinchi va ikkinchi jahon urushlari shahar sanoatiga jiddiy zarar yetkazdi. 1941—1945-yillarda Belgraddagi korxonalarning yarmi vayron boʻlgan. Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi davrida Belgrad sanoat korxonalarini rekonstruksiya qilish boshlandi. 1960-yildan keyin yangi fabrikalarni jadal qurish ishlari olib borildi. Yugoslaviya parchalanganidan keyin sanoat ishlab chiqarish hajmi kamaydi, bir qator korxonalar xususiylashtirildi[162].

Hozirgi vaqtda Belgrad Serbiyaning asosiy sanoat markazi hisoblanadi. Shaharda stanoklar va sanoat uskunalari, gʻalla oʻrish kombaynlari, traktorlar va boshqa qishloq xoʻjaligi mashinalari, avtobuslar, telekommunikatsiya uskunalari, elektronika, maishiy texnika buyumlari ishlab chiqariladi. Plastmassa, kauchuk, lak, boʻyoq, polimer qoplamalar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradigan bir qancha kimyo sanoat korxonalari bor. Belgradda yengil sanoat va yogʻochga ishlov berish texnologiyasi ham rivojlangan. Oziq-ovqat sanoati qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlash, oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi[163][164].

2018-yilda sanoat tuzilmasi[165]
Nomi% da ulushi
Qayta ishlash sanoati55,3
Elektr, gaz, bugʻ va konditsioner bilan taʼminlash37,8
Konchilik6,9

Qishloq xoʻjaligi

Belgrad okrugida 260 ming gektardan ortiq qishloq xoʻjaligi yerlari mavjud, shundan 150 ming gektarida dehqonchilik qilinadi. Bu hududda 34 ming fermer xoʻjaligi roʻyxatga olingan[166]. 2018-yilgi maʼlumotlarga koʻra, qishloq xoʻjaligidagi yerlarning 32769 ga makkajoʻxori va 31063 ga bugʻdoy ekilgan[165]. Belgrad okrugida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Serbiya poytaxtining oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini deyarli toʻliq qondiradi[167].

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari[168]
2015—2018 (yillik oʻrtacha)
Bugʻdoy (tonna)112 290,5
Makkajoʻxori (tonna)208 280,25
Kungaboqar (tonna)5050,25
Sholgʻom (tonna)74 333,5
Soya (tonna)54 002
Sabzavotlar (tonna)91 090,75
Meva (tonna)106 934,75
Sut mahsulotlari (ming tonna)107 750
Tuxum (dona)84 092,5

Madaniyati

Respublika maydoni, Chapda: Serbiya Milliy muzeyi — Markazda: Marriott Belgrad mehmonxonasi — oʻngda: Belgraddagi Milliy teatri.
Serbiya fan va sanʼat akademiyasi, 1841-yilda tashkil etilgan.

BBC maʼlumotlariga koʻra, Belgrad dunyodagi eng kreativ shaharlar beshligiga kirgan[169]. Belgradda kinofestival, teatr festivali, yozgi festival, BEMUS, Belgrad musiqa festivali, kitob koʻrgazmasi, Belgrad xor festivali, Eurovision (2008) qoʻshiq tanlovi va pivo festivali kabi koʻplab xalqaro madaniy tadbirlar oʻtkaziladi[170]. Prezident Aleksandar Vučić bekor qilishga uringan boʻlsa ham, 2022-yilda Belgradda ham Europride tadbiri boʻlib oʻtgan[171]. Nobel mukofoti sovrindori yozuvchi Ivo Andrić oʻzining eng mashhur asari „The Bridge on the Drina“ni Belgradda yozgan[172]. Boshqa taniqli Belgrad mualliflari orasida Branislav Nušić, Milosh Crnjanski, Borislav Pekich, Milorad Pavić va Mesha Selimovichlar bor[173]. Belgraddan Charlz Simich, Marina Abramovich va Milovan Destil Markovich kabi taniqli rassomlar yetishib chiqqan.

Serbiya kino sanoatining asosiy qismi Belgradda joylashgan. FEST 1971-yildan beri har yili oʻtkazib kelinadigan kinofestival boʻlib, 2013-yilgacha unga toʻrt million kishi tashrif buyurgan va 4000 ga yaqin filmlar taqdim etilgan[174].

Belgradda koʻplab teatrlar mavjud boʻlib, ulardan eng koʻzga koʻringanlari „Belgrad Milliy teatri“, „Terazije teatri“, „Yugoslaviya drama teatri“, „Zvezdara teatri“ va „212-Atelye“dir. Serbiya Fanlar va Sanʼat Akademiyasi, shuningdek, Serbiya Milliy kutubxonasi ham Belgradda joylashgan. Eng yirik kutubxonalar qatorida Belgrad shahar kutubxonasi va Belgrad universiteti kutubxonasi mavjud. Belgradning ikkita — „Milliy teatr“ va „Madlenianum opera teatri“ kabi opera obyektlari bor[175][176]. Eurovision 2007 qoʻshiq tanlovida Serbiya vakili Mariya Şerifovichning gʻalabasidan soʻng, Belgrad 2008-yilda tanlovga mezbonlik qilgan[177].

Belgrad hududida 1650 dan ortiq koʻrgazmali haykaltaroshlik namunalari mavjud[178][179].

Muzeylar

Serbiya Milliy muzeyi.
Zamonaviy sanʼat muzeyi.

Belgraddagi eng koʻzga koʻringan muzey 1844-yilda tashkil etilgan Milliy muzeydir. Milliy muzeyda 2003-yildan 2018-yil iyunigacha rekonstruksiya ishlari olib borilgan. Muzeyda 400 000 dan ortiq eksponatlar (5600 dan ortiq rasm va 8400 chizma va nashrlar, jumladan Bosch, Juan de Flandes, Titsian, Tintoretto, Rubens, Cézanne, GB Tiepolo, Renoir, Monet, Lautrec, Matisse, Picasso, Gauguin, Chagall, Van Gogh, Mondrian kabi koʻplab xorijiy ustalar asarlari va Miroslav Injili) mavjud[180]. 1901-yilda tashkil etilgan Etnografik muzey Bolqon yarim oroli, xususan, sobiq Yugoslaviya mamlakatlari qishloq va shahar madaniyatini aks ettiruvchi 150 000 dan ortiq ashyolarni oʻz ichiga oladi[181].

Belgrad Zamonaviy sanʼat muzeyi Yugoslaviyadagi va dunyodagi ilk muzeylardan biridir[182]. Muzey ​​1965-yilda tashkil etilganidan soʻng, sobiq Yugoslaviya hududlarida yaratilgan 8000 dan ortiq sanʼat asarlari toʻplamini oʻz ichiga olgan[183]. Muzey 2007-yilda yopilgan, ammo 2017-yilda Yugoslaviya sanʼatiga eʼtiborni kuchaytirish maqsadida qayta ochilgan[184]. Belgradda tugʻilgan rassom Marina Abramovich Zamonaviy sanʼat muzeyida koʻrgazma oʻtkazgan, The New York Times koʻrgazmani 2019-yilda dunyoda roʻy bergan eng muhim madaniy hodisalardan biri deb taʼrifladi[185][186]. Koʻrgazmani 100 000 ga yaqin tashrif buyuruvchi kuzatgan. Marina Abramovich 20 000 kishi oldida chiqish qilgan[187]. Belgrad markazida Amaliy sanʼat muzeyi ham joylashgan. Bu muzey Xalqaro muzeylar kengashi tomonidan 2016-yilning eng yaxshi instituti sifatida mukofotlangan[188].

1878-yilda Kalemegdanda tashkil etilgan Harbiy muzeyda miloddan avvalgi asrlardan oʻrta asrlargacha boʻlgan davrlarga oid 25 000 dan ortiq harbiy ashyolar mavjud. Diqqatga sazovor narsalar qatoriga turk va sharq qurollari, milliy bayroqlar va Yugoslaviya partizan liboslari kiradi[189][190].

Nikola Tesla aeroporti yaqinida joylashgan Belgrad Aviatsiya muzeyida 200 dan ortiq samolyotlar mavjud boʻlib, ulardan 50 ga yaqini koʻrgazmaga qoʻyilgan va bir nechtasi Fiat G.50 kabi oʻz turidagi yagona omon qolgan namunalardir. Ushbu muzey F-117 va F-16 kabi AQSh va NATO samolyotlarining urib tushirilgan qismlarini ham namoyish etadi[191].

1952-yilda tashkil etilgan Nikola Tesla muzeyi ixtirochi Nikola Teslaning shaxsiy buyumlarini namoyish etadi. Unda 160 000 ga yaqin asl hujjatlar va 5 700 ga yaqin shaxsiy buyumlari saqlanadi[192]. Belgraddagi eng yirik muzeylarning biri Vuk va Dositey muzeyi boʻlib, u Vuk Stefanovich Karadjich va XIX asr serb adabiy tilini islohotchisi, birinchi Serbiya taʼlim vaziri Dositey Obradovichning hayoti, faoliyati va merosini namoyish etadi[193]. Belgradda Afrika sanʼati muzeyi ham mavjud. Afrika sanʼati muzeyi 1977-yilda tashkil etilgan boʻlib, Gʻarbiy Afrikadan keltirilgan katta sanʼat toʻplamiga ega[194].

Taxminan 95 000 nusxa milliy va xalqaro filmlar bilan Yugoslaviya kino arxivi dunyodagi eng yirik 10 ta arxiv roʻyxatiga kirgan[195]. Muassasa, shuningdek, kinoteatr va koʻrgazma zali bilan birga Yugoslaviya kino arxivi muzeyini ham boshqaradi. Arxivni saqlash bilan bogʻliq koʻp yillik muammolar 2007-yilda yangi zamonaviy bino ochilganda hal qilindi[196]. Yugoslaviya kino arxivida Charli Chaplinning asl hassasi hamda Avgust va Lui Lumierning birinchi filmlari lentalari saqlanadi[197]. Belgrad shahri muzeyi 2006-yilda shahar markazidagi yangi binoga koʻchib oʻtdi[198]. Muzeyda miloddan avvalgi davrlarda Belgrad shahrining tarixini oʻz ichiga olgan bir qator kolleksiyalar mavjud[199].

Yugoslaviya tarixi muzeyida Yugoslaviya davriga oid kolleksiyalar mavjud. Rasmlardan tashqari, eng qimmatli ashyolar Apollo 11 ekipaji Neil Armstrong, Bazz Oldrin va Maykl Kollinz tomonidan 1969-yilda Belgradga tashrif buyurganlarida sovgʻa qilingan Oy qoyalaridir[200]. Muzeyda Iosif Stalinning 260 ta brilliant va olmosli qilich ham bor, uni Stalinning oʻzi sovgʻa qilgan[201]. Fan va texnologiya muzeyi 2005-yilda Dorćoldagi birinchi shahar elektr stansiyasi binosiga koʻchib oʻtgan[202].

Arxitekturasi

Avliyo Sava sobori.

Belgrad arxitekturasi asrlar davomida rivojlangan. Markaziy Yevropa shaharlariga xos koʻrinishiga ega boʻlgan Zemun binolaridan tortib Yangi Belgradning modernistik binolarigacha ajralib turadi[203]. Eng qadimgi meʼmorchilik yodgorligi Kalemegdan bogʻida joylashgan. Kalemegdan tashqarisida geografik joylashuvi, tez-tez sodir boʻladigan urushlar va vayronagarchiliklar tufayli qadimgi binolar mavjud emas, faqat XVIII asrga tegishlilari uchraydi[204].

Russian sar turar joy binosi.
Yangi Belgraddagi Bežanija bloklari, yangi qurilgan uy-joy massivlari.

Belgraddagi eng qadimgi jamoat inshooti turkiy turbadir, eng qadimgi uy esa XVIII asr oxirida Dorćolda qurilgan oddiy suvoqli uydir[205]. Usmonlilar hukmronligi davrida shahardagi binolar islom meʼmorchiligi uslubida qurilgan. Jamoat binolaridan masjidlar, sudlar, madrasalar va boshqalar qad rostlagan. Anʼana tariqasida, uy hovlisida bogʻlar boʻlgan. Ular toshdan qurilgan yertoʻlalarga ega, pastki qavati biroz oldinga chiqib turgan va tomi esa biroz tikkaroq boʻlib, koshinlar qoplangan. XIX asrdan boshlab Belgrad Gʻarb madaniyati taʼsirida sharqona shaharchadan zamonaviy arxitekturaga ega, neoklassitsizm, romantizm taʼsirida butunlay oʻzgargan shaharga aylandi. Serb arxitektorlari XIX asr oxirida Serbiya milliy teatri, Eski saroy, sobor cherkovi va keyinchalik, XX asr boshlarida Milliy Assambleyani yevropaliklar bilan birga qurganlar[206].

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlarda Yugoslaviyada qishloqdan shaharga koʻchib kelgan odamlarning katta oqimi uchun tez va arzon narxda uy-joylar qurildi. 1950-yillarning oʻrtalaridan boshlab modernistik yoʻnalishlar Belgrad meʼmorchiligida yuqori oʻrinni egalladi va hamon hukmronlik qilmoqda.  Belgrad Yevropadagi ikkinchi eng qadimgi kanalizatsiya tizimiga ega[207].  

Serbiya Klinik Markazi 34 gektar maydonni egallagan va 50 ga yaqin binolardan iborat[208]. Klinik markazda bemorlar uchun 3150 oʻrin mavjud[209], bu raqam Yevropada  va dunyodagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi[210].

Turizm

XX asrda Yevropa va Osiyoni bogʻlagan asosiy temiryoʻllardan biri Orient Express Bolqon hududidan oʻtgan. Belgrad asrlar davomida sayohatchilar uchun mashhur hudud boʻlib kelgan. 1843-yilda Dubrovačka koʻchasida (hozirgi Kralj Petar koʻchasi) Serbiya knyazi Mihailo Obrenovich Belgraddagi birinchi mehmonxonani qurdirgan. Koʻpchilik oʻsha paytda binoning narxi va kattaligi tufayli knyazning bu harakatini tanqid qilgan. Biroq bino tez orada knyazlikning eng badavlat fuqarolari yigʻiladigan obyektga aylangan. Ommaviy tilda bu bino staro zdanje deb ham atalgan (maʼnosi: „eski bino“). Staro zdanje 1903-yilgacha mehmonxona boʻlgan, 1938-yilda buzib tashlangan[211][212]. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Staro zdanjedan tashqari boshqa yana koʻplab mehmonxonalar qurildi: „Nacional, Grand“, „Kosančićev Venac“, „Srpski Kralj“, „Srpska Kruna“. Bundan tashqari Grčka Kraljica yaqinida „Kalemegdan“, Terazijeda „Bolqon“, „Parij“ va „London“ mehmonxonalari barpo etilgan[213].

Jevremovac botanika bogʻi.

Belgrad 1884-yildan keyin paroxodlar va temir yoʻllar orqali boshqa shaharlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyadi. Natijada tashrif buyuruvchilar soni koʻpayadi va yangi mehmonxonalar ularni qabul qila boshlaydi. Savamalada „Bosna“ va „Bristol“ mehmonxonalari ochilgan. Koʻplab mehmonlar tashrif vaqtida Gavrilo Princip Park yaqinida qurilgan „Solun“ va „Orient“ mehmonxonasini tanlashadi. Orient Express orqali kelgan sayyohlar asosan Vilson maydonidagi Petrograd mehmonxonasida toʻxtashadi. Mirkova va Pariska koʻchasi kesishmasida joylashgan Srpski Kralj mehmonxonasi urushlararo davrda (1918-yildan 1939-yilgacha) Belgraddagi eng yaxshi mehmonxona hisoblangan. Ikkinchi jahon urushi paytida vayron qilingan[213].

Yugoslaviyaning parchalanib ketishi, xalqaro sanksiyalar, siyosiy va iqtisodiy beqarorlik Serbiya poytaxti Belgradda turizmning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. 2000-yildan boshlab Belgradda turizm jonlanib, sayyohlar soni asta-sekin oʻsa boshlandi[214]. Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Italiya va Germaniyadan kelgan sayyohlar soni boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlardan ancha yuqori[215].

Belgraddagi diqqatga sazovor joylar qatoriga shaharning tarixiy hududlari va binolari kiradi. Ular orasida „Skadarlija“, „Milliy muzey“ va uning yonida joylashgan „Milliy teatr“, „Zemun“, „Nikola Pashich maydoni“, „Terazije“, „Talabalar maydoni“, „Kalemegdan qal’asi“, „Knyaz Mihailova koʻchasi“, „Parlament binosi“, „Avliyo Sava cherkovi“ va „Eski saroy“ kiradi. Buning ustiga Dunay daryosining ikki tomonida koʻplab bogʻlar, yodgorliklar, muzeylar, kafe-restoranlar va doʻkonlar mavjud. Tepalik ustida joylashgan „Avala yodgorligi“ va „Avala minorasi“dan shahar manzaralarini tomosha qilish mumkin. The Guardian gazetasi maʼlumotlariga koʻra, Dorcol mahallasi Yevropadagi eng yaxshi mahallalar oʻntaligiga kiradi[216].

Qirollik majmuasi

Dedinje elita mahallasi „Topcider“ va „Koshutnjak“ bogʻlari yaqinida joylashgan. Beli dvor (Oq saroy) yaʼni qirollik oilasi qarorgohi boʻlgan Karadjorđevichlarning uyi tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Saroyda koʻplab qimmatbaho sanʼat asarlari mavjud[217]. Jumladan Rembrandt, Nikola Pussin, Sebastian Burdon, Paolo Veronese, Canaletto, Crespi, Winterhalter, Ivan Mestrovich va boshqalarning asarlari saroyni bezab turibdi[218][219].  Yaqin atrofda joylashgan Josip Broz TitoningGullar uyi“ deb nomlangan dam olish maskani sobiq Yugoslaviya prezidentining hayot faoliyatini aks ettiradi. Yodgorlikni 2004-yilda oʻn bir mingdan ortiq kishi, 1982—2012-yillarda esa 17 milliondan ortiq kishi ziyorat qilgan[220][221].

Ada Ciganlija — Sava daryosidagi orol, Belgradning eng katta sport majmuasi va dam olish maskani. Bugungi kunda hudud Savaning oʻng qirgʻogʻi bilan ikkita yoʻl orqali tutashib, sunʼiy koʻl hosil qilgan. Belgradning issiq yozlarida hordiq chiqarish uchun eng mashhur joy sifatida tan olingan. Golf, futbol, ​​basketbol, ​​voleybol, regbi, beysbol va tennis kabi turli sport turlari uchun 7 kmli (4 milya) uzun plyajlar va sport inshootlari mavjud[222].  Yoz oylarida kuniga 200 000 dan 300 000 gacha kishi orolga choʻmilish uchun boradi[223].

Shaharning eski mahallalaridan Skadarlija

Bungee jumping, suv changʻisi va peyntbol kabi ekstremal sport turlari mavjud[222][224]. Orolda velosiped haydash, sayr qilish yoki yugurish mumkin boʻlgan koʻplab yoʻlaklar mavjud[222][224]. Belgradda Ada orolidan tashqari daryolarda yana 16 ta orol[225] mavjud boʻlib, orollarning koʻplaridan hali ham foydalanilmaydi. Ular orasida Savaning quyilishida joylashgan Katta jang oroli jonli yovvoyi tabiat (ayniqsa qushlar) vohasi sifatida ajralib turadi[226]. Bu hudud yaqin atrofdagi Kichik jang oroli bilan birgalikda tabiat qoʻriqxonasi sifatida shahar hukumati tomonidan muhofaza qilinadi[227]. Belgrad shahar hududida 37 ta qoʻriqlanadigan tabiiy resurslar mavjud boʻlib, ulardan sakkiztasi yaʼni „Straževica yerlari“, „Mašin Majdan-Topcider“, „Kalemegdan qalʼasidagi hudud“, „Barajevodagi tashlandiq karyer“, „Karagacha vodiysi“, „Ovcadagi Artezian qudugʻi“, „Kapela loess yerlari“ va „Sremchitsadagi koʻl“ geo-meros obyektlari hisoblanadi. Qolgan 29 ta joy biologik xilma-xillik obyektlaridir[228].

Serbiyaning turizm daromadining yarmi Belgrad hududiga toʻgʻri keladi. 2012-yilda shaharning sayyohlardan tushgan daromadi 500 million yevroni tashkil qilgan[229].

2016-yilda bir million roʻyxatdan oʻtgan sayyohlarning tashrifi bilan[230] turizmdan tushgan daromad qariyb bir milliard yevroga yetgan[231]. 2019-yilda 100 000 dan ortiq sayyoh 742 ta daryo kreyserida kelgan[230][232]. Turizmning oʻrtacha yillik oʻsish miqdori 13% — 14% ni tashkil etmoqda[230].

Belgraddan „Dunay velosiped yoʻli“ (EuroVelo 6) deb nomlanuvchi veloyoʻlak oʻtgan. Veloyoʻlakning uzunligi — Fransiyaning Atlantika qirgʻogʻidan Qora dengizdagi Konstansa shahrigacha choʻzilgan[233].

Sava Centar konferensiya markazi. 1978-yilda qurilgan

Tungi hayot

Belgradda shahar boʻylab tonggacha ochiq boʻlgan koʻplab klublarni topish mumkin[234]. Belgradning tungi hayotining eng taniqli xususiyati Sava va Dunay daryolari boʻylab qurilgan tungi klublar (splav) hisoblanadi[235][236][237].

Belgrad tungi hayoti

Bosniya va Gersegovina, Xorvatiya va Sloveniyadan kelgan sayyohlar doʻstona muhit, koʻplab klublar va barlar, arzon ichimliklar, sezilarli til toʻsiqlari yoʻqligi tufayli Belgrad tungi hayotini oʻz poytaxtlaridan afzal koʻradilar[238][239].Shahardagi madaniy tadbirlar uchun eng mashhur joylardan biri SKC (Talabalar madaniyat markazi) boʻlib, u Belgrad saroyi minorasi roʻparasida joylashgan. Markazda koʻpincha taniqli mahalliy va xorijiy guruhlar ishtirokidagi kontsertlar oʻtkaziladi. SKC shuningdek, turli sanʼat koʻrgazmalari, ommaviy munozaralar va muhokamalar hududi hisoblanadi[240].

Shimoliy Serbiyaning Starogradska deb nomlanuvchi qismida Belgrad shoirlari va sanʼatkorlari yigʻilgan Skadarliyada mahallasi XIX—XX asrlarda mashhur boʻlgan. Skadar koʻchasi (Skadarliya markazi) va uning atrofidagi mahalla Belgradning eng yaxshi va eng koʻhna anʼanaviy restoranlari (serb tilida kafanas deb ataladi) bilan oʻralgan[241].  Mahallaning bir tomonida XIX asrning birinchi yarmida tashkil etilgan Belgradning eng qadimgi pivo zavodi joylashgan[242]. Shahardagi eng tarixiy qahvaxonalaridan biri Znak pitanja hisoblanadi[243].

The Times gazetasining yozishicha, Yevropaning eng yaxshi tungi hayotini Belgradda topish mumkin[244].  2009-yildagi Lonely Planet nashriyoti (sayohat boʻyicha qoʻllanmalar nashr etadi) 1000 Ultimate Experiences qoʻllanmasida Belgradni dunyoning eng yaxshi 10 ta shaharlari orasida 1-oʻringa qoʻygan[245].

Sport

Belgradda mingga yaqin sport inshootlari mavjud boʻlib, ularning aksariyati barcha turdagi sport tadbirlariga xizmat koʻrsatishga qodir[246].

Ada Ciganlija orolidagi koʻl va plyajlar shaharning eng muhim dam olish joylaridan biridir. Ada Ciganlija jami 8 km uzunlikdagi plyajlari, koʻplab bar, kafe, restoran va sport inshootlari bilan ayniqsa yoz oylarida koʻplab sayyohlarni oʻziga jalb qiladi.Koshutnjak bogʻi koʻp sonli yugurish va velosiped yoʻllari, yopiq va ochiq basseynlari hamda barcha sport turlari uchun sport inshootlari bilan juda mashhur. U Ada Ciganlijadan atigi 2 km uzoqlikda joylashgan boʻlib, „Belgradning kislorod zavodi“ deb nom olgan[247].

Rajko Mitich stadioni.
Ada Ciganlija oroli.
Ada Ciganlija oroli.
Shtark Arena.

XX asrning 60—70-yillarida Belgradda suv sporti boʻyicha birinchi jahon chempionati oʻtkazilgan. Shahar 1973-yilda futbol boʻyicha Yevropa chempionati va 1973-yilgi Yevropa kubogi finaliga ham mezbonlik qilgan. Belgradda 1962-yilda yengil atletika boʻyicha Yevropa chempionati, 1969-yilda Yevropa yopiq inshootlardagi basketbol oʻyinlari, 1961- va 1975-yilda erkaklar va ayollar oʻrtasida voleybol boʻyicha Yevropa chempionati va 1978-yilda havaskor boks boʻyicha jahon chempionati kabi bir qator yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazildi.

Belgrad 2000-yillarning boshidan beri deyarli har yili yirik sport tadbirlariga mezbonlik qiladi. Ulardan baʼzilari: EuroBasket 2005, gandbol boʻyicha Yevropa chempionati, 2012-yilda ayollar uchun gandbol boʻyicha jahon chempionati, 2005-yilda erkaklar va ayollar uchun voleybol boʻyicha Yevropa chempionati, 2006- va 2016-yillarda suv polosi boʻyicha Yevropa chempionati, 2007-yilgi Yevropa yoshlar Olimpiya festivali va 2009-yilgi yozgi Universiada musobaqalaridir[248].   Belgrad 2017-yilda yengil atletika va basketbol boʻyicha Yevropa chempionatiga mezbonlik qildi. 2018- va 2022-yillarda EuroLeague Final Four turnirlari oʻtkazildi. Soʻnggi yillarda tennis, futzal, dzyudo, karate, kurash, eshkak eshish, kikboksing, stol tennisi va shaxmat kabi sport turlari boʻyicha jahon va qitʼa chempionatlari ham oʻtkazilmoqda.

Shaharda Serbiyaning ikkita eng yirik va eng muvaffaqiyatli futbol klublari — „Red Star Belgrad“ va „Partizan Belgrad“ joylashgan. Red Star Belgrad 1991-yilda UEFA Chempionlar Ligasida gʻolib chiqqan, „Partizan“ esa 1966-yilgi UEFA Chempionlar Ligasida ikkinchi oʻrinni egallagan. Belgradda ikkita yirik stadion bor: Marakana (Red star stadioni) va Partizan stadioni[249].  

19384 tomoshabinga moʻljallangan Shtark Arena Yevropadagi eng yirik yopiq arenalardan biri hisoblanadi[250].  Undan yirik sport tadbirlari va katta kontsertlar vaqtida foydalaniladi. 2008-yil may oyida Shtark Arenada 53-Evrovision qoʻshiq tanlovi oʻtkazilgan[251].  Aleksandar Nikolić stadioni 1992-yilgi Yevropa chempioni boʻlgan KK Partizan va KK Crvena zvezda basketbol klublarining asosiy maskani hisoblanadi[252][253].

Soʻnggi vaqtlarda Belgradda Ana Ivanovich, Jelena Jankovich va Novak Dokovich kabi jahon darajasidagi bir qancha tennischilar yetishib chiqdi. Ivanovich va Jokovich „Katta Dubulgʻa“ musobaqalarida gʻolib chiqqan. Jelena Jankovich ATP 1-raqamiga ega boʻlgan birinchi belgradlik ayoldir. Serbiya terma jamoasi Shtrak arenada boʻlib oʻtgan finalda Fransiya jamoasini magʻlub etib, 2010-yilgi Devis kubogini qoʻlga kiritgan[254].

Belgrad 1992- va 1996-yillardagi Yozgi Olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qilish uchun ariza bergan nomzodlardan biridir. 1992-yilda shahar „Barselona“ga magʻlub boʻldi va 1996-yilda oʻyinlar Atlantada boʻlib oʻtdi[255]. Belgradda 1988-yildan beri har yili yugurish marafoni oʻtkazilib kelinadi[256][257].

Moda va dizayn

1996-yildan beri har yarim yilda (kuz-qish va bahor-yoz) butun shahar boʻylab moda haftaliklari oʻtkaziladi[258]. Koʻplab serbiyalik va xorijiy dizaynerlar hamda moda brendlari Belgrad moda haftaligida oʻz ishlari bilan qatnashadilar. London moda haftaligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan festival Georg Styler va Ana Lyubinkovich kabi mahalliy isteʼdodlarning xalqaro faoliyatini boshlashga yordam bergan. Belgradda tugʻilgan Buyuk Britaniya moda dizayneri Roksanda Ilincic[259] ham Belgradda tez-tez koʻrgazmalar oʻtkazib turadi.

Modaga qoʻshimcha ravishda, Belgradda har yili Karim Rashid, Daniel Libeskind, Patrisiya Urquiola va Konstantin Grcich kabi xalqaro arxitektorlar va dizaynerlarni jalb qiladigan ikkita yirik dizayn koʻrgazmalari oʻtkaziladi. Ular Mikser festivali va Belgrad dizayn haftaligidir. Festivallarda maʼruzalar, koʻrgazmalar va tanlovlar oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Sacha Lakich[260], Ana Kraš[261], Bojana Sentaler[262] va Marek Djordjevich[263] kabi xalqaro dizaynerlarning ham asli kelib chiqishi Belgraddan.

Musiqasi

1980-yillarda Belgrad Yugoslaviyadagi „yangi musiqiy toʻlqin“ ning asosiy markazlaridan biri boʻlgan. VIA „Idols“, „Ekatarina Velika“ (EKV) va „Sharlo Acrobat“ nomli musiqiy guruhlar mavjud edi. Boshqa taniqli Belgrad rok guruhlari ichidan „Riblja Čorba“, „Bajaga i Instruktori“ ajralib turadi. 2008-yilda Belgradda Evrovision qoʻshiq tanlovi boʻlib oʻtdi[264].

Koʻrgazmalar va festivallar

Belgrad anʼanaviy ravishda koʻplab turli koʻrgazma va festivallarga mezbonlik qiladi:

  • Oktyabr oyida shahar koʻrgazma markazida boʻlib oʻtgan Belgrad kitob yarmarkasi[265][266][267].
  • FEST xalqaro kinofestivali, fevral oyining oxirgi dam olish kunlari — mart oyining boshlarida tuzilgan dastur va kutilayotgan tashrifchilar soniga qarab shaharning turli madaniyat markazlarida oʻtkaziladi[268][269].
  • Belgrad hujjatli va qisqa metrajli filmlar festivali mart oyining oxirgi yakshanbasida boshlanadi va 4-5 kun davom etadi[268][270].
  • Sopot kinofestivali, anʼanaviy tarzda iyul oyining boshida mahalliy madaniyat markazida boʻlib oʻtadi[268][271].
  • Belgrad yozgi festivali, teatrlashtirilgan tomoshalar va musiqiy dasturlarga bagʻishlangan boʻlib, yozning ikkinchi yarmida boʻlib oʻtadi[268].
  • Belgrad musiqa festivali oktyabr oyining ikkinchi yarmida boshlanadi va 15 kun davom etadi, uning dasturining muhim qismini xalq musiqasi tashkil etadi[268].
  • „Rezonat“ — bu butun dunyodan rassomlar va dasturchilarni birlashtirgan xalqaro media festivali[272].

Ommaviy axborot vositalari

Serbiyadagi eng muhim ommaviy axborot vositalarining markazi Belgradda joylashgan. Shaharda davlat teleradiokompaniyasi boʻlgan Serbia Radio Television (RTS) milliy teleradiokompaniyasining asosiy shtab-kvartirasi joylashgan[273]. Eng mashhur tijoriy teleradiokompaniya RTV Pink boʻlib, oʻzining mashhur koʻngilochar dasturlari bilan tanilgan. Eng mashhur tijorat teleradiokompaniyalaridan yana biri bu B92 boʻlib, oʻz televideniyesi, radiostansiyasi, musiqa va kitob nashr etish bosmaxonasiga ega, shuningdek, Serbiya internetidagi eng mashhur veb-saytga boshchilik qiladi[274][275]. Belgraddan efirga uzatiladigan boshqa telekanallarga 1Prva (sobiq Fox televizija), Nova, N1 kiradi.

Belgradda nashr etiladigan yuqori tirajli kundalik gazetalarga „Politica“, „Blic“, „Alo!“, „Kurir“ va „Danas“ kiradi. Ikkita sport gazetasi — „Sportski žurnal“, „Sport“ va bitta iqtisodiyot sohasi yangiliklarini aks ettiruvchi gazeta — „Privredni pregled“ mavjud. „Harper’s Bazaar“, „Elle“, „Cosmopolitan“, „National Geographic“, „Menʼs Health“, „Grazia“ kabi litsenziyalangan jurnallarning Serbiyadagi boʻlimlari mavjud. „24 sata“ gazetasini 2006-yilning kuzidan bepul tarqatish yoʻlga qoʻyilgan[276].

Taʼlim

Belgrad universitetining maʼmuriy va boshqaruv binosi.

Belgradda uchta davlat universiteti va bir nechta xususiy oliy taʼlim muassasalari mavjud. 1808-yilda grande école (Fransiyadagi taʼlim tizimining bir koʻrinishi) sifatida tashkil etilgan Belgrad universiteti Serbiyadagi eng qadimgi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi[277]. XIX asrda shaharning koʻrinishi oʻzgara borgan sari bir nechta universitet binolari Belgrad arxitekturasi va madaniy merosining tarkibiy qismi sifatida tan olingan. 90 000 ga yaqin talaba roʻyxatga olingan Belgrad universiteti Yevropadagi eng yirik universitetlardan biri hisoblanadi[278]. Bulardan tashqari Belgradda „Vinchaa“ Yadro fanlari instituti[279], Nikola Tesla nomidagi Elektrotexnika instituti, Mixajlo Pupin instituti[280] mavjud.

1973-yil 21-mayda shahardagi sanʼat akademiyalari Sanʼat universiteti tarkibidagi fakultetlarga aylantirildi. Bu oliygoh Belgraddagi ikkinchi universitet boʻldi. 2011-yilda Belgraddagi davlat universitetlari yana bittaga koʻpaydi. Harbiy Akademiya va Harbiy Tibbiyot Akademiyasidan iborat ikki fakultetni oʻz ichiga olgan Harbiy Mudofaa Universitetiga asos solindi[281].

Shuningdek, shaharda 195 ta boshlangʻich maktab va 85 ta oʻrta maktab mavjud. Boshlangʻich maktab tizimida 162 oddiy maktab, 14 maxsus maktab, 15 sanʼat maktabi va 4 kattalar maktabi, oʻrta maktab tizimida 51 kasb-hunar maktabi, 21 gimnaziya, 8 sanʼat maktabi va 5 maxsus maktab mavjud[282]. Serbiya Respublikasi Statistika instituti maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda Belgrad okrugida 126525 kishi boshlangʻich, 60099 kishi oʻrta, 147828 kishi oliy maʼlumotga ega boʻlgan[283].

Transport

Belgrad markaziy temir yoʻl stansiyasi.

Belgraddagi jamoat transporti avtobus, tramvay va trolleybus yoʻnalishlaridan iborat. Shahar statistika sektori maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda Belgradda[165]:

  • Umumiy uzunligi 10590 km boʻlgan 495 ta avtobus yoʻnalishi va 1642 ta avtobus
  • Umumiy uzunligi 132 km boʻlgan 12 ta tramvay yoʻnalishi va 245 ta tramvay
  • Umumiy uzunligi 64 km boʻlgan 8 ta trolleybus yoʻnalishi va 123 ta trolleybus mavjud.

Deyarli barcha jamoat transporti Belgrad shahar transport kompaniyasiga tegishli[284]. Yagona liniyalarda xususiy tashuvchi transport turlari ham mavjud[285]. Shahar atrofidagi aholi punktlari bilan transport aloqalarini „Lasta“ kompaniyasi olib boradi. Kompaniya, shuningdek, shaharlararo yoʻlovchilarni tashishni ham oʻz zimmasiga olgan[286][287].

Shahar atrofida temir yoʻl transporti (Beovoz) harakati Zheleznice Srbije temir yoʻl kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi[288][289]. Beovoz 1992-yilda ish boshlagan va hozirda shaharning gʻarbiy, shimoli va janubidagi chekka hududlarni uning markazi bilan bogʻlaydigan toʻrtta liniyaga ega. Belgrad metro yoki boshqa tezyurar shahar transportiga ega boʻlmagan Yevropadagi soʻnggi yirik metropoliya shaharlaridan biridir. Belgrad metrosining qurilishi boshlangan, ammo tugallanmagan. Shahar markazida buning uchun qurilgan ikkita yer osti stansiyasi („Karađorđev“ va „Vukov Spomenik“) dastlab Beovoz shahar poyezdlari tarmogʻiga kiritilgan. Keyinchalik 2010-yil 1-sentyabrga qadar Beovozdan alohida JSST BG shahar poyezdlar[290][291] tizimi yaratildi. 2021-yil noyabr holatiga koʻra, Belgrad metrosida qurilish ishlari olib borilmoqda. Birinchi liniyasi 2028-yilning avgustigacha ishga tushishi rejalashtirilgan[292][293].

Mostar yoʻloʻtkazgichi
Belgrad shahri. 2022-yil, 5-iyul, Markaziy Yevropa vaqti bilan 1:48; Xalqaro kosmik stansiyadan olingan
  A boʻlimi (Batajnica-Dobanovci)
  B boʻlimi (Dobanovci-Bubanj Potok)
  C boʻlimi (Bubanj Potok-Pančevo)

Belgradni Novi Sad bilan bogʻlaydigan tezyurar temir yoʻl 2022-yil 19-martda oʻz ishini boshlagan[294].  Subotica va Budapesht tomon yoʻl qurilishi davom etmoqda[295], temiryoʻlni janub tomondagi Nish va Shimoliy Makedoniya tomon uzaytirish rejalari mavjud[296].

Shahar X va VII panyevropa transport koridorlari (Markaziy va Sharqiy Yevropadagi transport yoʻlaklari tizimi, yaʼni temir yoʻllar, avtomobil yoʻllari va boshqalar) boʻylab joylashgan.  Avtomobil yoʻllari tizimi shimolda Novi Sad va Budapeshtga, janubda Nishga, gʻarbda Zagrebga oson yetib olishni taʼminlaydi. Chernogoriyaning Obrenovac okrugi tomon yangi ekspress yoʻli qurilishi 2017-yilning martida boshlangan. Belgrad E70 va E75 avtomobil yoʻllarini bogʻlaydi. Bir yarim milliondan ortiq aholi va eskirgan shahar rejasi orqali Belgrad ogʻir transport vaziyatiga duch kelmoqda[297].

Ikki yirik daryo — Savaning Dunayga quyilish joyida joylashgan Belgradda 11 ta koʻprik mavjud. Ulardan eng muhimlari Branko koʻprigi, Ada koʻprigi, Pupin koʻprigi va Gazela koʻprigidir. Bundan tashqari, „ichki magistral yarim halqa“ deyarli tayyor boʻlib, Sava daryosi boʻylab yangi Ada koʻprigi va Dunay daryosi boʻylab yangi Pupin koʻprigini oʻz ichiga oladi, bu shahar ichida qatnovni osonlashtirdi va Gazela hamda Branko koʻprigi boʻylab aholining faol harakatini yengillashtiradi[298].

Belgrad porti Dunay boʻyida joylashgan boʻlib, shaharga daryo orqali tovarlarni qabul qilish imkonini beradi[299].  Shaharga Nikola Tesla nomidagi Belgrad xalqaro aeroporti xizmat koʻrsatadi. Aeroport shahar markazidan 12 km (7,5 milya) gʻarbda, Surchin yaqinida joylashgan. 1986-yilda aeroport orqali deyarli 3 million yoʻlovchi sayohat qilgan boʻlsa-da, 1990-yillarda bu raqam kamaydi[300].  NATO bombardimonlari natijasida vayron boʻlgan aeroport 2000-yilda qayta tiklangan. Shundan soʻng yoʻlovchilar soni 2004- va 2005-yillarda taxminan 2 millionga yetdi[301].   2008-yilda aeroport  3 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi[302]. Nikola Tesla aeroportining 4 milliondan ortiq yoʻlovchiga ega boʻlgan rekordi 2014-yilda yangilandi. Nikola Tesla aeroporti Yevropadagi eng tez rivojlanayotgan ikkinchi yirik aeroport hisoblanadi[303].  Raqamlar barqaror oʻsishda davom etmoqda. 2019-yilda aeroport 6 milliondan ortiq mijozni oʻz manziliga yetkazdi[304].

Faxriy fuqarolari

Generallar Peko Dapchevich va Vladimir Jdanov — Belgradning birinchi faxriy fuqarolari.

Serbiya poytaxtining birinchi faxriy fuqarolari ikkinchi jahon urushi paytida shaharni ozod qilishga rahbarlik qilgan va 1945-yilda ushbu unvonni olgan generallar edi. Bu unvon 1954-yilda rasman tasdiqlangan[305].

Unvon Serbiya fuqarosiga ham, boshqa har qanday davlat fuqarosiga ham beriladi. U siyosatchi yoki davlat arbobi, nodavlat tashkilot vakili yoki rassom boʻlishi ham mumkin. Belgradning faxriy fuqaroligiga nomzod fan, sanʼat sohasida yoki gumanitar faoliyat bilan shugʻullanishi, shaharda bu yoʻnalishlarni rivojlantirishga hissa qoʻshishi kerak. Bu unvonni berish toʻgʻrisidagi qarorni shahar majlisi (parlamenti) qabul qiladi. Nomzodlar shahar Kengashi yoki kamida 20 nafar deputat tomonidan aniqlanadi[306].

Belgradning faxriy fuqarosi unvonini olgan shaxsga Assambleyaning rasmiy yigʻilishida muhrlangan qogʻozdagi rasmiy xat beriladi. Serbiya fuqarosi uni shahar kunida, boshqa davlat vakili esa Belgradga tashrifi davomida oladi[306].

1954-yilda xorijiy davlat rahbari, Efiopiya imperatori Haile Selassie birinchi marta Belgradning faxriy fuqarosi boʻlgan. Undan keyingi xorijiy davlatlar rahbarlaridan bu unvonga Javoharlaʼl Neru, Jamol Abdul Nosir, Norodom Sixanuk, Leonid Brejnev va boshqalar munosib koʻrildi. 1983-yilda Yugoslaviya prezidenti vafotidan keyingina bu unvon Fransiya prezidenti Fransua Mitteranga berildi. Unvon 1985-yildan boshlab 20 yildan ortiq vaqt davomida hech kimga berilmadi. Uzoq tanaffusdan soʻng Nelson Mandela uni 2007-yilda qabul qilib oldi[305].

XXI asr boshida Bill Geyts va Michael Schumacher Belgradning faxriy fuqarolari nomzodi sifatida koʻrsatilgan. Serb tarixchisi Aleksandr Zivotich buni sotsialistik blokning parchalanishi va globallashuv, jamiyat yangi qahramonlarni tanlayotgan davrda tushuntirgan[305].

2015-yilda birinchi marta bir vaqtning oʻzida uch kishi unvonga sazovor boʻldi. Nikita Mixalkov va Peter Handke Serbiya poytaxtining faxriy fuqarolari boʻlgan birinchi rassomlardir[307][308].

Belgrad mukofotlari

Har yili 16-apreldan 19-aprelgacha, poytaxtda „Belgrad kunlari“ oʻtkaziladi. Tadbirlar davomida Serbiya poytaxti nomidan shaharga xizmati singan kishilarga bir necha nominatsiyalarda mukofot beriladi:

  • Belgrad mukofoti. Madaniyat, tibbiyot, iqtisod, maorif rivojidagi xizmatlari, shuningdek, shahar rivojiga qoʻshgan katta hissasi uchun gʻoliblar mukofotlanadi[309][310][311].
  • Yoshlar ijodi uchun mukofot. Ilmiy faoliyat va sanʼatdagi yuksak yutuqlari uchun maktab oʻquvchilari va talabalarga beriladi[309][311].
  • „Svetislav Stoyanovich“ mukofoti. Belgradda yongʻindan himoya qilish sohasidagi xizmatlari uchun oʻt oʻchiruvchilar va ularning aʼzolari mukofotlanadi[309][311][312].

Xalqaro hamkorlik va unvonlar

Belgrad turli shaharlar bilan beshta birodarlik shartnomasi va oʻn toʻqqizta hamkorlik shartnomasi imzolagan[313].

Belgrad nizomiga koʻra, shahar Serbiyaning hududiy birligi va huquqiy tartibini hurmat qilgan holda, Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq Serbiya tashqi siyosati doirasida boshqa aholi punktlari bilan hamkorlik qilishi mumkin. Belgrad nomidan birodarlik yoki hamkorlikning boshqa shakllari toʻgʻrisidagi shartnoma Serbiya hukumatining roziligi bilan shahar assambleyasi tomonidan tuziladi. Belgradning boshqa shaharlar bilan aloqalari rasmiy delegatsiyalar uchrashuvlari, kasbiy va taʼlim guruhlari almashinuvi, shaharlarning xalqaro tashkilotlari ishida, iqtisodiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etish, nashrlar va boshqa axborot materiallari bilan almashish va boshqalar shaklida amalga oshiriladi[313].

Belgradning birinchi qardosh shahri Coventry edi. Ular oʻrtasidagi birinchi aloqalar 1953-yilda oʻrnatilgan[313].

2015-yilda Belgrad Eurocities xalqaro tashkilotiga qoʻshildi[313][314].

Belgradning qardosh shaharlar roʻyxati[315]:

Boshqa doʻstlik va hamkorlik, protokollar, memorandumlar[315]:

  • Sarayevo, Bosniya va Gersegovina, 2018-yildan, Hamkorlik boʻyicha anglashuv memorandumi[313]
  • Rabot, Morokko, 2017-yildan, Hamkorlik shartnomasi[313]
  • Seul, Janubiy Koreya, 2017-yildan, Doʻstona almashinuv va hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi[313]
  • Ostona, Qozogʻiston, 2016-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[324]
  • Tehron, Eron, 2016-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[325]
  • Korfu, Gretsiya, 2010-yildan, Hamkorlik protokoli[313]
  • Shenjen, Xitoy, 2009-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[326]
  • Zagreb, Xorvatiya, 2003-yildan, Hamkorlikni mustahkamlash niyati maktubi[313]
  • Kiyev, Ukraina, 2002-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[313]
  • Jazoir, Jazoir, 1991-yildan Oʻzaro manfaatlar deklaratsiyasi[313]
  • Tel-Aviv, Isroil, 1990-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[313]
  • Buxarest, Ruminiya, 1999-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[313]
  • Pekin, Xitoy, 1980-yildan, Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim[327]
  • Rim, Italiya, 1971-yildan, Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma[313]
  • Afina, Gretsiya, 1966-yildan, Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma[313]


Belgrad Serbiyaning va dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlgan, jumladan, Fransiyaning Faxriy legion ordeni (1920-yil 21-dekabrda qoʻlga kiritgan; Belgrad Lyej, Lyuksemburg va Volgograd bilan birga ushbu sharafga sazovor boʻlgan), Chexoslovakiya urush xochi (1925-yil 8-oktabrda mukofotlangan), Yugoslaviyaning Karadorje yulduzi ordeni (1939-yil 18-mayda berilgan) va Yugoslaviyaning Xalq Qahramoni ordeni (1974-yil 20-oktabrda, Ikkinchi jahon urushi davrida fashistik Germaniya hukmronligi agʻdarilganining 30 yilligi munosabati bilan berilgan)[328]. Bu ordenlarning barchasi birinchi va ikkinchi jahon urushi davridagi urush harakatlari uchun olingan[329]. 2006-yilda Financial Times jurnali Belgradga Janubiy Yevropaning kelajak shahri unvonini berdi[330][331].

Belgrad manzarasi

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar