Malala Yusufzay

Malala Yusufzay (pushtucha: ملاله یوسفزۍ ; tugʻ. 1997-yil 12-iyul[1], Mingora)[2] – pokistonlik inson huquqlari faoli, butun dunyo boʻylab ayollar uchun taʼlim olish imkoniyatini himoya qiladi. Oʻz faoliyati uchun u 2012-yilda " Tehrik-e Tolibon Pokiston " terrorchilik harakati jangarilari tomonidan ogʻir yaralangan. Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati (2014). U dunyodagi eng yosh Nobel mukofoti laureati, Nobel mukofotini olgan ikkinchi pokistonlik va birinchi pushtundir.

Malala Yusufzay pushtucha: ملاله یوسفزۍ'
Tavalludi 2-iyul 1997-yil
Mingora,Pokiston
Fuqaroligi Pokiston
Taʼlimi Oksford
Turmush oʻrtogʻi Asser Malik
Ota-onasi Ziyauddin Yuzufzoy- Turpekoy Yuzufzoy
Mukofotlari Nobel mukofoti , Anna Politivskaya mukofoti, Saxarova mukofoti

Yusufzay Pokiston Toliboni qizlarning maktabga borishini taqiqlagan oʻz vatani Svatda ayollar va bolalarning taʼlim olishi uchun inson huquqlari himoyachisi. Uning urinishlari xalqaro harakatga aylandi va sobiq bosh vazir Shohid Xoqon Abbosiyning aytganidek, u Pokistonning „eng taniqli fuqarosi“ga aylandi[3].

Malala Yusufzay Svat shahrida taʼlim faoli Ziyauddin Yusufzay pushtun oilasida tugʻilgan va uning ismi afgʻon xalq qahramoni Mayvandlik Malalai sharafiga qoʻyilgan. Abdulgʻafforxon, Barak Obama va Benazir Bhuttoni oʻziga namuna sifatida koʻrgan[4], shuningdek, otasining fikrlari va insonparvarlik ishlaridan ilhomlangan[5].

Blog

2009-yil boshida, 11-yoshida, Yusufzay BBC uchun yozgan blogi orqali dunyoga tanilgan. Blogda u Tolibon rejimi ostidagi hayoti, ularning Svat vodiysini nazorat ostiga olishga urinishlari va qizlar uchun taʼlimni rivojlantirish borasidagi fikrlari haqida keng gapirib bergan. 2009-yil oxirida Pokiston harbiylari jangarilarga qarshi keng koʻlamli hujum boshlagan, bu esa Tolibonni Svat vodiysidan haydab chiqarishga olib kelgan. 2010-yil yozda jurnalist Adam B. Ellik Malalaning Pokiston qurolli kuchlari safida Svatdagi jangarilarga qarshi Rah-e-Rast operatsiyasini boshlagan paytdagi hayoti haqida New York Times uchun hujjatli film suratga oldi[6]. 2011-yilda Malala Yusufzay eʼlon qilgan voqealar jarayoniga bagʻishlangan blogida har yili boʻlib oʻtadigan Pokiston yoshlar tinchlik mukofoti tanlovida birinchi oʻrinni egallagan[7] [8]. U nashriyot va televideniyeda bergan intervyulari bilan ommaga tanildi va inson huquqlari faoli Desmond Tutu tomonidan Xalqaro bolalar tinchlik mukofotiga nomzod qilib koʻrsatildi.

2012-yilda u Svatdagi Xalqaro marksistik tendentsiya tomonidan tashkil etilgan yozgi maktabda qatnashgan[9].

Suiqasd qilinishi

2012-yil 9-oktabrda Malala Yusufzay maktabdan uyga maktab avtobusida qaytayotganida avtobusni niqobli, qurolli shaxslar toʻxtatgan. Jangarilardan biri avtobusga chiqib, bolalardan qaysi biri Malala ekanligini soʻray boshlagan. Uning shaxsi aniqlangach, bir tolib qizga oʻq otgan. Oʻq Malalaning boshidan, boʻynidan yelkasidan toʻgʻridan toʻgʻri oʻtib, Malalaning orqasida oʻtirgan ikki qiz ham natijada oʻqdan jarohatlangan. Malala ogʻir ahvolda Peshovar shahridagi harbiy gospitalga yetkazilgan. Qiz komaga tushgan, uning tirik qolish ehtimoli juda kam edi.

Pokistondagi 50 nafar islomiy ulamolar guruhi uni oʻldirmoqchi boʻlganlarga qarshi fatvo chiqargan.

AQSh prezidenti Barack Obama va birinchi xonim Michelle Obama Oq uyda Malala Yusufzay bilan uchrashdi, 2013-yil

Malalaning ahvoli barqarorlashganida, Pokiston hukumati uning Buyuk Britaniyaga uchib ketishini tashkil qilgan. Qiz Birmingemdagi shifoxonada davolanishni boshlagan . Uning otasi qizi Buyuk Britaniyadagi reabilitatsiya kursidan soʻng Pokistonga qaytishi haqida bayonot bergan[10].

2012-yil 16-oktyabrda Pokiston ichki ishlar vaziri Rahmon Malik Malalani „Tolibonning ayollar taʼlimiga nisbatan zolim pozitsiyasiga qarshi ochiq gapirgani uchun“[11] Jasurlik Yulduzi Ordeni bilan taqdirlanganini eʼlon qildi. Orden 2013-yil 24-mart kuni Londondagi tantanali qabulda Buyuk Britaniyadagi Pokiston oliy komissari Sayid Ibni Abbos[12] tomonidan shaxsan taqdim etildi.

Malala kasalxonadan 2013 -yilning 4-yanvarida chiqdi[13].

Qoʻshimcha biografiya

2013-yilning 12-iyulida, Malala 16 yoshga toʻlgan kunida BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida chiqish qildi.

Malala BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida nutq soʻzlamoqda, 2013-yil

2013-yil 8-oktyabrda Buyuk Britaniyadagi Weidenfield & Nicolson va AQSHdagi Little,Brown and Company nashriyotida ingliz jurnalisti Christina Lamb bilan hammualliflikdagi Malalaning " Men Malalaman: Taʼlim uchun kurashgan va Tolibon tomonidan otib tashlangan qizning hikoyasi " nomli avtobiografiyasi chop etildi). Shu kuni kitobning chiqarilishini sharhlar ekan, Tolibon vakili Shahidulloh Shahid Pokistonning The Daily Nation gazetasiga bergan intervyusida shunday dedi: „Agar bizda yana bir imkoniyat boʻlsa, biz uni albatta oʻldiramiz. Islom ayollarni oʻldirishni taqiqlaydi, ammo dinimizga qarshi urushda kofirlarni qoʻllab-quvvatlayotganlar uchun bu taqiq istisno boʻlishi mumkin“[14] Kitob 2014-yilda toʻrtta hind tiliga tarjima qilingan: kannada, malayalam, maratxi, tamil[15]. 2015 – yilda rus tilida „ Men Malalaman“ butun dunyoni larzaga keltirgan jasoratlikning noyob hikoyasi" " Azbuka-Attikus " nashriyotida chop etilgan. Neela Vaswani tomonidan rivoyat qilingan audiokitobi uchun 2015-yilda „Bolalar uchun eng yaxshi albom“ "Grammy "mukofotiga sazovor boʻldi[16].

2013-yilda u Anna Politkovskaya mukofoti[17] va Saxarov mukofoti[18] ni oldi.

2014-yilda u Kailash Satyarthi bilan birgalikda „bolalar va yoshlar zulmiga qarshi hamda bolalarning taʼlim olish huquqi uchun kurash“ Nobel Tinchlik mukofotiga sazovor boʻldi[19]. 17 yoshida tarixidagi eng yosh Nobel mukofoti sovrindori boʻldi[20].

2015-yil 12-iyulda Malala Suriyadan kelgan qochqin qizlar uchun Livanda maktab ochdi[21].

2014-yilda u Konstitutsiya milliy markazi tomonidan Filadelfiya Ozodlik medali bilan taqdirlangan[22][23].

Malala Yusufzayning amerikalik yosh jurnalist va yozuvchi Hilde Lisyak bilan boʻlgan intervyusida qizlarning bepul va sifatli taʼlim olish uchun kurashi haqida soʻz bordi[24].

2015-yilda u Oskarning qisqa roʻyxatiga kiritilgan "U menga Malala deb atadi" hujjatli filmining mavzusi boʻlgan. Time jurnalining 2013, 2014 va 2015 yilgi sonlarida u dunyodagi eng nufuzli odamlardan biri sifatida tasvirlangan. 2017-yilda u Kanadaning faxriy fuqaroligiga sazovor boʻldi va Kanada fuqarolik palatasida nutq soʻzlagan eng yosh odam boʻldi[25].

Bolalik davri

Yusufzay 1997-yil 12-iyulda Pokiston shimoli-gʻarbidagi Xayber-Paxtunxva viloyatining Svat tumanida oʻrta tabaqa oilasida tugʻilgan[26]. Ota-onasi Ziyauddin Yusufzay va Tur Pekay Yusufzay[27]. Uning oilasi pushtun millati, Yusufzay qabilasiga mansub sunniy musulmonlar[28][29]. Oilada kasalxonada tugʻilish uchun pul yoʻq edi va Yusufzay qoʻshnilarining yordami bilan uyda tugʻildi. [30] Unga birinchi ismi Malala („qaygʻuga botgan“ degan maʼnoni anglatadi) Afgʻoniston janubidagi mashhur pushtun shoiri va jangchi ayoli Mayvandlik Malalai sharafiga berilgan [31][32]. Mingoradagi uyida u ikki ukasi Xushal va Atal va ota-onasi Ziyauddin va Tor Pekay bilan yashar edi[33].

Taʼlim

Pushtu, urdu va ingliz tillarini yaxshi biladigan Yusufzay asosan shoir, maktab egasi va Xushal davlat maktabi deb nomlanuvchi xususiy maktablar tarmogʻini yurituvchi taʼlim faoli boʻlgan otasi Ziauddin Yusufzaydan taʼlim olgan[34][35][36]. Intervyuda u bir marta shifokor boʻlishni orzu qilganini aytdi, ammo keyinchalik otasi uni siyosatchi boʻlishga undadi. 2013-yilning martidan 2017-yilning iyuligacha Yusufzay Birmingemdagi Edgbaston qizlar oʻrta maktabida oʻqigan. 2015-yil avgust oyida u maktab yakuniy imtihonlari uchun Britaniya GCSE[en] imtihon tizimida 6 ta yuqori A * bahosini (5+) va 4ta A (5) bahosini[37] oldi. U geografiya, tarix, matematika va diniy fanlarni oʻrgangan. Shuningdek, Durham universiteti, Uorvik universiteti va London iqtisodiyot va siyosat fanlari maktabiga hujjat topshirdi, Yusufzay 2016-yil dekabr oyida Oksforddagi Ledi Margaret Xoll kollejida suhbatdan oʻtdi va agar kamida uchta yuqori darajadagi murakkablikdagi imtihonlarda oʻrta maktab kursi uchun aʼlo „A“ baholarini olsa, kirish taklifini qoʻlga kirishini aytishdi. U ushbu imtihonlardan toʻrttasini topshirdi va 2017-yil avgust oyida falsafa, siyosat va iqtisod fanlarini oʻrganish boʻyicha oʻqishga qabul qilindi[38]. 2020-yil iyun oyida u Oksford diplomini oldi[39].

Manbalar

Havolalar